O‘zbekiston kompaniyalari Afg‘onistonda gaz qazib olish va elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshiradi. Bu haqda prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev maʼlum qildi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.
Toshkent shahrida “Xalqaro hamkorlik tashkbbuslari haftaligi” yakuniga doir muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbirda qatnashgan Ismatilla Ergashev O‘zbekiston tomonidan Afg‘onistonda amalga oshirilishi nazarda tutilgan ayrim loyihalar haqida gapirdi. Diplomatning aytishicha, “Tolibon” bilan Jauzjon viloyatidagi “Tuti-Maydon” tabiiy gaz konini o‘zlashtirishi bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Maxsus vakil muloqot yakunida jurnalistlar bilan suhbatlashdi. Xususan, “Daryo” muxbirining gaz konini o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuvga oid savoliga javob qaytardi.
Loyiha Eriell KAM tomonidan amalga oshiriladi. Konni o‘zlashtirish uchun 10 yil davomida yiliga 100 million dollardan sarmoya kirtiladi (jami bir milliard dollar). Hozir kondagi sakizta eski quvurni qayta tiklash bo‘yicha mutaxassislar o‘rganish o‘tkazmoqda. Kon maydoni yetti ming kvadrat kilometr bo‘lib, unda aniqlangan gaz hajmi uch trillion kub metrdan ortiq. Konni o‘zlashtirish boshlangach, dastlabki ikki yil ichida bir necha milliard kub metr gaz qazib olish nazarda tutilgan. Kondan qazilgan mahsulot gaz quvurlari orqali bevosita O‘zbekistonga yetkaziladi. Keyin qayta ishlanadi va yana Afg‘onistonga isteʼmol uchun yuboriladi, dedi diplomat.
Ismatilla Ergashev suhbat davomida Afg‘onistonda elektr energiyasi ishlab chiqarish, O‘zbekistondan energetika mahsulotini yetkazish loyihalari haqida ham gapirdi.
Afg‘onistonda bir yil davomida quvvati 10 megavatli elektr stansiyasi quriladi. Loyiha “Natanho” gaz konini o‘zlashtirish va mahalliy aholini elektr bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Biz Afg‘onistonga yiliga ikki milliard kilovatt soatdan ortiq elektr energiyasi eksport qilamiz. Mazkur quvvatni oshirish va elektr uzatishda stabil sharoit yaratish uchun O‘zbekiston tomonidan yana bir loyiha boshlangan. U kuchlanishi 500 kilovatt bo‘lgan, umumiy qiymati 10 million dollarlik “Surxon-Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasidir. O‘zbekiston mutaxassilari loyihaning Surxondan Afg‘oniston chegarasigacha (45 kilometr) bo‘lgan masofadagi qismini qurib bitkazgan. Keyin bir muammo yuzaga kelgan. Loyihani Osiyo taraqqiyot banki moliyalashtirayotgan edi. Lekin 2021-yil avgust voqealaridan keyin (“Tolibon” harakati Kobulni egallab, butun mamlakatni o‘z nazoratiga olgan-tahr.) xalqaro moliyaviy institutlar Afg‘onistondagi loyihalarni moliyalashtirishni to‘xtatib qo‘yishdi. Biz hozirgi Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan bu masala yechimini topdik. O‘zbekiston taklifi Afg‘onistonning muvaqqat hukumati tomonidan qabul etildi. O‘ylaymanki, yaqin kelajakda biz mana shu loyihani ham amalga oshiramiz, deya maʼlum qildi mutaxassis.
Eslatib o‘tamiz, 29-avgustda O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasida “Termiz xalqaro savdo markazi” ochildi. Loyiha qiymati 70 million dollarni, markaz maydoni 36 gektarni tashkil etadi.
Izoh (0)