Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida 14-oktyabr kuni viloyatdagi muhim loyihalarni ishga tushirish va qurilishini boshlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Toshkent viloyati mamlakat iqtisodiyotida strategik ahamiyatga ega. Bu hudud va poytaxt salohiyati o‘zaro bog‘liq va bir-birini to‘ldirib keladi.
So‘nggi besh yilda Toshkent viloyatida sanoat hajmi 1,5 barobarga ko‘payib, 107 trillion so‘mni tashkil etgan, mahalliy eksport hajmi 3,5 karra oshib, qariyb 1 milliard dollarga yetgan.
Qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhiti sarmoyalar hajmini oshirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga xizmat qilmoqda. 2018-yilda viloyatda jami bo‘lib 20 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu raqam 1 milliard dollarga yetgan. Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ham yil sayin ortib, hozirda 1 ming 700 tani tashkil etmoqda.
Bugungi kunda 20 milliard 360 million dollarlik 91 ta xorijiy, 4 yarim milliard dollarlik 28 ta mahalliy investitsiya loyihalari bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev marosim doirasidagi loyihalarning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, Olmaliq shahrida 1 milliard dollar investitsiya hisobidan 227 gektar maydonda “Buyuk ipak yo‘li” maxsus sanoat texnoparki quriladi. U yerda elektrotexnika, to‘qimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika kabi yo‘nalishlarda 100 ga yaqin korxona joylashtiriladi. 3 mingta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga 5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi va 300 million dollarlik eksport imkoniyati paydo bo‘ladi.
Yuqori Chirchiq tumanida 350 million dollar evaziga 69 gektar maydonda to‘qimachilik sanoat parki tashkil etiladi. Bu majmuada 20 dan ortiq ip-kalava, mato to‘qish va bo‘yash, tayyor tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari joylashtiriladi.
Mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish va eksport qilish izchil ko‘payib bormoqda. 2030-yilgacha oziq-ovqat ishlab chiqarishni 2 barobar, eksportini 5 barobar va qo‘shilgan qiymat darajasini 3 marta oshirish maqsad qilingan. Bunga erishishda Toshkent viloyatining hissasi katta.
Jumladan, Yangiyo‘l tumanida yiliga 50 ming tonna mineral o‘g‘it va kimyoviy vositalar, Qibrayda yuqori sifatli eksportbop oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlash korxonalari ishga tushirilmoqda.
Toshkent viloyati energetika sohasida ham katta salohiyatga ega bo‘lib, bu yerda 5,7 gigavattli quvvatlar mavjud. Bu miqdorni oshirish maqsadida 1,5 milliard dollarlik 800 megavattdan ortiq 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
“Yashil” energetikani rivojlantirish bilan birga, yurtimizda energetika tizimi barqarorligini saqlash bo‘yicha ham ko‘p ishlar qilinmoqda. Shuning uchun 2030-yilgacha umumiy quvvati 4 ming 100 megavattli elektr energiyasini saqlash tizimlarini barpo etish rejalashtirilgan.
Xitoyning yetakchi kompaniyalari ishtirokida barpo etiladigan 3 ta loyiha bunda muhim o‘rin tutadi. Avvalo China Datang kompaniyasi bilan Bo‘ka tumanida qiymati 240 million dollarlik quyosh elektr stansiyasi barpo etiladi. Bu stansiyada yiliga 576 million kilovatt soat yoki 240 ming xonadon uchun yetarli elektr energiyasi olinadi. Natijada viloyatda generatsiya quvvatlari 6,5 gigavattga, elektr energiyasi ishlab chiqarish yiliga 24 milliard kilovatt/soatga yetkaziladi.
Yana ikkita loyiha – China Energy Overseas Investment kompaniyasi bilan hamkorlikda Parkent va Piskent tumanlarida quriladigan 220 million dollarlik, 200 megavattli energiya saqlash tizimlaridir. Ular kunning tig‘iz paytlarida uzilishga yo‘l qo‘ymaslik va iste’molchilarni elektr bilan ishonchli ta’minlash imkonini beradi.
So‘nggi yillarda yurtimizda 630 million dollar investitsiya hisobidan 400 megavattdan ortiq yangi gidroelektr stansiyalari barpo etilib, ularning quvvati 2,2 gigavattga yetkazildi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki yurtimizda 3 ming 280 megavatt quvvatga ega bo‘lgan 44 ta GES qurish imkoniyati mavjud. Ayniqsa, Toshkent viloyatida gidroenergetika bo‘yicha juda katta salohiyat bor.
Hozirda viloyatda umumiy quvvati 1 ming 330 megavatt bo‘lgan 25 ta gidroelektr stansiyasi mavjud. Bu respublikamizdagi jami gidroenergetika quvvatining 60 foiziga tengdir.
Bugungi kunda qiymati 880 million dollar va quvvati 340 megavatt bo‘lgan yana 4 ta GES qurilmoqda. Shuningdek, 2028-yilgacha viloyatda umumiy quvvati qariyb 2 ming 400 megavatt bo‘lgan, 4 milliard 800 million dollarlik 23 ta loyiha amalga oshiriladi.
Marosimda shundan ikkitasi – Ohangaron tumanida barpo etilgan 2,5 megavattli kichik GES hamda Bo‘stonliq tumanida qurilgan 1,5 megavattli Ugam kichik GESi ishga tushirilmoqda. Mazkur quvvatlar yiliga 18 million 400 ming kilovatt soat “yashil” energiya ishlab chiqaradi va 7 ming 600 ta xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.
Shavkat Mirziyoyev yurtimizga investitsiya kiritayotgan xorijiy kompaniyalarga minnatdorlik bildirib, ishlariga muvaffaqiyat tiladi.
Ramziy tugma bosilib, mazkur 9 ta loyihaning qurilishi va faoliyatiga start berildi. Ularning umumiy qiymati 2 milliard dollardir.
Izoh (0)