Toshkent shahrida 17—25-oktyabr kunlari “Xalqaro tashabbuslar haftaligi” o‘tkazilmoqda. Tadbirlar doirasida “Daryo” muxbiri transport vaziri Ilhom Mahkamov bilan suhbatda bo‘ldi. Vazirning aytishicha, transafg‘on temiryo‘li qurilishi bo‘yicha to‘liq kelishuvga erishilgan.
Ilhom Mahkamov loyihaning texnik–iqtisodiy asoslari ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.
“Transafg‘on temiryo‘li nihoyatda yirik loyiha. Uni murakkabligi Afg‘oniston hududida ekanida. Lekin asosiy tashabbuskor hurmatli prezidentimiz bo‘ladilar. Bugungi kunda bir qator mamlakatlar bilan bu loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishganmiz. Hozirda uning texnik–iqtisodiy asoslarini ishlab chiqyapmiz. 2025-yilda loyihaga tamal toshi qo‘yiladi deb o‘ylayman. Qurilish murakkabligini inobatga olsak, jarayon kamida 5 yil davom etadi”, dedi vazir.
O‘zbekiston Termiz—Mozori Sharif—Kobul—Peshovar transafg‘on temiryo‘li loyihasini amalga oshirish uchun bir necha yillardan beri harakat qilib keladi. Loyiha orqali Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Pokistonning yirik dengiz portlariga chiqish yo‘li ochiladi. Bu esa mintaqaviy aloqa va savdoni rivojlantirishga xizmat qiladi. Temiryo‘l ishga tushsa, Pokistondan O‘zbekistonga yuk tashish 35 emas, 3-5 kun davom etadi. Bundan tashqari, bitta standart konteynerni tashish narxi qariyb uch barobarga arzonlashishi kutilmoqda. Mazkur yo‘nalish bo‘ylab yuk tashish hajmi 10 million tonnaga yetishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, temiryo‘l liniyasi Termiz—Mozori Sharif—Logar—Xarlachi—Torxam yo‘nalishi bo‘ylab davom etib, Peshovar va Rohri orqali Karachi portiga chiqadi. Mozori Sharifdan Torxamgacha bo‘lgan yangi uchastkalarning uzunligi qariyb 760 kilometrni tashkil qiladi. Loyihaning rejalashtirilgan qiymati 4,8 milliard dollar.
YTB tahlilchilarining fikriga ko‘ra, transafg‘on temiryo‘li loyihasini amalga oshirishda duch kelinadigan asosiy qiyinchiliklar quyidagilardan iborat:
- Afg‘onistonning tog‘li relyefi;
- Afg‘oniston—Pokiston hamkorligining hal etilmagan muammolari;
- o‘tkazish qobiliyatini oshirish uchun Pokiston temiryo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilish zarurati.
Bundan tashqari, yana bir qator murakkabliklar mavjud, xususan:
- Afg‘oniston turli qurolli guruhlar faolligi bilan beqaror mintaqa bo‘lgani sababli bu transport va infratuzilma loyihalari xavfsizligiga tahdid solishi mumkin. Mamlakatdagi siyosiy vaziyat uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirish va mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni qiyinlashtirish ehtimoli mavjud.
Shunday qiyinchiliklarga qaramay, mutaxassislar transafg‘on yo‘lagi O‘zbekiston uchun mintaqaviy integratsiya va iqtisodiy rivojlanishni sezilarli darajada yaxshilash salohiyatiga ega bo‘lgan muhim strategik tashabbus ekanini qayd etgan.
Izoh (0)