Afg‘oniston milliy temiryo‘l boshqarmasi boshlig‘i mulla Baxt ul Rahmon Sharofat O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda Avapress xabar berdi.
Delegatsiya Transafg‘on loyihasi yig‘ilishida ishtirok etish va ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish maqsadida Toshkentga tashrif buyurgan. Tegishli uchrashuv 19-fevral kuni Afg‘oniston, Pokiston, O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari vakillari ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
27-dekabr kuni O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov Afg‘oniston transport va fuqaro aviatsiyasi vaziri vazifasini bajaruvchi Hamidullo Oxunzoda boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgan edi.
Uchrashuvda tomonlar transport va logistika sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida qator masalalarni muhokama qilgan. Xususan:
- avtomobil tashuvlarida undiriladigan yig‘im va to‘lovlarni paritet asosida undirilishini taʼminlash;
- Afg‘oniston hududi orqali tranzit hamda ikki tomonlama tashuvlarni rivojlantirish;
- temiryo‘l tashuvlaridagi tarif stavkalariga imtiyozlar taqdim etish.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston—Afg‘oniston—Pokiston temiryo‘l qurilishi loyihasini jadallashtirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilgan edi.
Izoh (0)