O‘zbekistonda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat nazoratini amalga oshirishda mobil videokameralar (bodikamera) va maxsus planshetlardan foydalaniladi. Bu haqda “Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat nazoratini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmonida belgilandi.

Farmonga ko‘ra, bosqichma-bosqich hududiy inspeksiyalarda Qurilish obyektlarini onlayn kuzatish markazi tashkil etiladi.
Tajriba-sinov tariqasida 2025-yilda Qashqadaryo viloyatidagi davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga yangidan quriladigan obyektlarga videokameralar o‘rnatiladi.
2025-yil 1-iyuldan barcha ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi obyektlari majburiy tarzda shartnoma asosida texnologik auditdan o‘tkaziladi.
Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-iyuldan:
- yakka tartibdagi uy-joylar va kichik hajmdagi noturar bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlari yuzasidan qurilish nazorati xususiy sektor tomonidan olib boriladi;
- xususiy qurilish nazorati obyektlarida qurilish yakuniga yetgandan so‘ng loyihachi tomonidan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida xulosa shakllantiriladi va buyurtmachiga taqdim etiladi;
- qurilishi tugallangan obyektdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish tegishli tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limlari tomonidan amalga oshiriladi;
- xususiy qurilish nazorati olib borilmaganda yoki nazoratni olib borgan loyihachining ijobiy xulosasi mavjud bo‘lmaganda obyektlarni foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi.
Ikki qavatdan yuqori bo‘lmagan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lmagan yakka tartibdagi uy-joylar, qurilish hajmi 300 metr kubdan ortiq bo‘lmagan noturar bino va inshootlar hamda yengil turdagi (konstruksiyali) qurilmalar xususiy qurilish nazorati obyektlari hisoblanadi.
Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-sentyabrdan har bir qurilayotgan obyektning QR-kodli pasporti joriy qilinadi. Bu orqali shaharsozlik subyektlari, qurilish muddatlari, shaharsozlik hujjatlari va tasdiqlangan ekspertiza xulosalari haqidagi ma’lumotlarni olish imkoniyati yaratiladi.
Izoh (0)