Qirg‘izistonning O‘sh shahridagi Rus uyida ishlagan Natalya Sekerina respublika maxsus xizmati xodimlari tomonidan yollanma askarlarni yollashda gumon qilinib hibsga olingan. Bu haqda TASS agentligi xabar bermoqda.

“Bishkek shahar Pervomayskiy tuman sudi qarori bilan Qirg‘iziston Respublikasi Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi Bosh tergov boshqarmasi tergovchisining ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasi qanoatlantirildi”, dedi sud matbuot xizmati vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Sekerinaga nisbatan “tergov muddati, ya’ni 2025-yil 17-iyungacha qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Gumonlanuvchi Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining boshqa davlatlarning qurolli mojarolarida yoki davlat hokimiyatini ag‘darish yoxud hududiy yaxlitlikni buzishga qaratilgan zo‘ravonlik harakatlarida foydalanish maqsadida yollanma askarlarni yollash, moliyalashtirish, moddiy ta’minlash, o‘qitish, shuningdek, harbiy mojarolar yoki harakatlarda yollanma askarlardan foydalanish to‘g‘risidagi moddasi bo‘yicha olib borilayotgan tergov doirasida hibsga olingan.
Jinoyat kodeksiga ko‘ra, bunday jinoyatni sodir etganlik uchun moddaning qismiga qarab 7 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi mumkin. Birinchi qismda 7 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilgan.
Ushbu ish bo‘yicha Sekerina bilan birga yana to‘rt kishi, jumladan, O‘sh shahar hokimligi matbuot xizmati xodimi ham qamoqqa olingan.
Izoh (0)