Rossiyaning Saratov viloyatida yuz bergan YTHda O‘zbekistonning bir fuqarosi halok bo‘ldi, yana 5 nafari jarohatlandi. Bu haqda O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.

16-aprel kuni soat 01:10 da viloyatning Tambov—Penza—Saratov—Pristannoye—Yershov—Ozinki trassasida YTH sodir bo‘lgan. O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan Lada Largus avtomobili Autogalantas avtovoziga kelib urilgan.
Oqibatda 1 nafar O‘zbekiston fuqarosi — 1987 yilda tug‘ilgan K.F. voqea joyida vafot etgan, yana 5 nafari turli tan jarohatlari bilan tuman shifoxonasiga joylashtirilgan.
“Ushbu holat O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, Saratov viloyati vakolatli va mutasaddi idoralari bilan aloqa o‘rnatilib, vafot etgan fuqaroning jasadini vatanga qaytarish ishlari bilan bog‘liq jarayonlar boshlanganini va jabrlanganlarga tibbiy muolaja ko‘rsatib kelinayotganini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.
Rossiya davlat avtoinspeksiyasining Saratov viloyati boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, YTHdan so‘ng yengil avtomobil yonib ketgan. Halok bo‘lgan fuqaro yo‘lovchi bo‘lib, 1968-yilda tug‘ilgan haydovchi va yana to‘rt nafar yo‘lovchi: ikki ayol (1980 va 2002-yilda tug‘ilgan) va ikki nafari erkak (1991 va 2005-yilda tug‘ilgan) jarohatlangan.
Rossiyada YTHga uchragan o‘zbekistonliklar
2025-yil mart oyida Rossiyaning Novgorod viloyatida Lacetti YTHga uchrashi oqibatida bir nafar o‘zbekiston fuqarosi vafot etgandi.
2024-yil yanvarida Rossiyaning Penza viloyatida yo‘l-transport hodisasi oqibatida sakkiz nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgandi. JAC rusumli mikroavtobus qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketishi oqibatida Volvo yuk mashinasi bilan to‘qnashgan. Qurbonlarning jasadi Mudofaa vazirligining maxsus samolyotida Urganch shahriga olib kelingan.
2024-yilning sentyabrida Rossiyaning Nijegorod viloyatida sodir bo‘lgan YTHda yetti nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgandi. O‘sgha oyda Tyumen—Xanti—Mansiysk avtomobil yo‘lida Rossiyada noqonuniy bo‘lib turgan 55 yoshli O‘zbekiston fuqarosi YTHga uchrab, vafot etgandi. Tataristonda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi natijasida o‘zbekistonlik yigit og‘ir tan jarohati olgandi.
2024-yil noyabrida yana Penza viloyatida sodir bo‘lgan avtohalokatda ikki nafar o‘zbekistonlik vafot etdi. YTH yuk mashinasi va Cobalt avtomobili ishtirokida sodir bo‘lgan.
Izoh (0)