Rossiyadan O‘zbekistonga kelayotgan yo‘lovchi avtobus ag‘darilib ketgani haqida xabar berilgan edi. O‘zbekiston Transport vazirligi holat yuzasidan ma’lumot berib, u O‘zbekistonga emas, Qozog‘istonga yo‘l olgan avtobus bo‘lganini bildirdi.
Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, YTH 22-fevral kuni Orenburg—Qozon trassasida sodir bo‘lgan. Haydovchi harakat vaqtida boshqaruvni yo‘qotishi natijasida avtobus ariqqa ag‘darilib ketgan. Avtobusda 29 nafar yo‘lovchi, shu jumladan, to‘rt nafar bola bo‘lgan. Hodisa oqibatida hech kim halok bo‘lmagan.
Ushbu avtobus Qozog‘istonda ro‘yxatga olingan bo‘lib, buyurtma asosida Kostroma – Chimkent yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lovchilarni olib ketayotgan bo‘lgan. Avtobus yo‘lovchilari orasida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lmagan.
Rossiya FVV Orenburg viloyat boshqarmasi tomonidan avtobus yo‘lovchilari dastlab mahalliy madaniyat uyiga joylashtirilgan. Yo‘lovchilar tez yordam xodimlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Shundan so‘ng yo‘lovchilar boshqa avtobusda harakatlanishni davom ettirgan.
Izoh (0)