Qozog‘istondagi Abilxon Qasteyev nomidagi Davlat san’at muzeyida O‘rol Tansiqboyev ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Olmaotadagi ushbu muzeyda bo‘lib o‘tadigan O‘rol Tansiqboyevning so‘nggi 40 yil davomidagi ilk keng ko‘lamli ko‘rgazmasi 19-martdan 1-iyungacha davom etadi. Ekspozitsiyada O‘zbekiston va Qozog‘iston muzeylari sara to‘plamlariga mansub, mohir usta ijod yo‘lining barcha bosqichlarini qamrab olgan 78 ta asar taqdim etiladi.
“Ko‘rgazma nafaqat buyuk rassom xotirasiga yuksak hurmat ifodasi, balki ikki qardosh mamlakatlar badiiy merosini birlashtiruvchi muhim madaniy voqeaga aylanadi”, deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
O‘rol Tansiqboyev haqida
O‘rol Tansiqboyev (1904—1974) manzarachi rassom, rangtasvir ustasi. 1994-yilda O‘zbekiston xalq rassomi unvonini olgan. Monumental sanʼatda tarixiy, maishiy va portret janrlarida asarlar yaratdi. G‘arbiy Yevropa yangi sanʼati, Meksika monumental rassomlari ijodi, O‘rta Osiyo devoriy rassomligi va miniatyura sanʼati uslublarini o‘rgandi va shular taʼsirida ijod qildi.
Uning asarlari respublika va xorijiy mamlakatlar muzeylarida saqlanadi. Rassom 1967—74-yillarda yashagan uyi Tansiqboyev uymuzeyiga aylantirilgan (1981-yil). Unda ijodiy ustaxona, mehmonxona va boshqa xonalar bo‘lib, ko‘plab hujjatli arxiv materiallari, rassomning ko‘rgazmalarda namoyish qilingan mashhur asarlari saqlanadi.
O‘rol Tansiqboyev Hamza nomidagi O‘zbekiston davlat mukofoti laureati (1973-yil). Vafotidan so‘ng “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan (2001-yil).
Izoh (0)