So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda AQSH dollarining so‘mga nisbatan kursi sezilarli darajada pasayib, bir vaqtlar kuzatilgan o‘sish tendensiyasiga qarama-qarshi holat yuzaga keldi. Yil boshida dollarning rasmiy kursi 12 915,18 so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda rasmiy kurs 12 509,83 so‘mga pastladi.

Ushbu o‘zgarish bir qator iqtisodiy omillar ta‘sirida yuzaga kelmoqda va mamlakat iqtisodiyotining turli sohalariga o‘z ta‘sirini ko‘rsatmoqda.
Dollar kursining pastlashiga turki beruvchi bir qancha omillar mavjud. Ulardan biri – bu eksport tushumlarining, xususan, oltin sotuvining keskin o‘sishi hisoblanadi.
O‘zbekistonning asosiy eksport mahsulotlaridan biri bo‘lgan oltinning jahon bozoridagi narxining yuqoriligi mamlakatga valyuta oqimini sezilarli darajada oshirdi.
E’tibor qaratilsa, oltin narxi oxirgi 1 yil 50 foizgacha, oxirgi 2 yilda esa 70 foizgacha qimmatladi. Nafaqat oltin, mis va uran eksportidan ham tushumlar ortib bormoqda. Bu esa o‘z navbatida, ichki valyuta bozorida taklifning ko‘payishiga va dollarning so‘mga nisbatan kursining pasayishiga olib kelmoqda.
- 2025-yilning yanvar-iyun oylarida dollar kursi 2 foizdan ko‘proq pasayib, 266,35 so‘mga — 12 920,48 so‘mdan 12 654,13 so‘mga tushdi. 2024-yilning birinchi yarmida so‘m 1,75 foizga (+216,39), 2023 yilda 2,34 foizga (+262,6 so‘m) pasaydi.
Iqtisodiy tahlilchi Mirkomil Xolboyev bu haqida shunday yozdi.
“Eksport tushumlarining ortishi, oltin eksportidan tushumlarning sterilizatsiya qilinishi, Oy boshida rublning biroz mustahkamlanishi natijasida tezlashgan pul o‘tkazmalarining lag (kechikkan) ta’siri yoki kutilmalarning o‘zgarishi (masalan, so‘mning nisbatan barqaror qolishi so‘mda jamg‘arishning jozibadorligi oshirmoqda, bu jamg‘aruvchilar tomonidan xorijiy valyuta taklifining oshirilishiga sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkin).
Shuningdek, so‘nggi kunlarda Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyatning keskinlashishi oltin narxining o‘sishiga olib keldi. Bu esa oltin eksportini yana oshirgan va ichki valyuta bozorida qulay shart sharoitlar yaratayotgan bo‘lishi mumkin”.
Iqtisodchi Otabek Bakirov oltin sotishdan kelayotgan daromadlarni zaxiralash o‘rniga uni iste’molga yo‘naltirilayotganini aytib chiqdi.
“Amalda yo‘q joydan, qulay konyunktura O‘zbekistonga bir necha milliard dollarlik dollarlik qo‘shimcha daromadlarni sovg‘a qilmoqda. Biz bu sovg‘ani zaxiralash o‘rniga iste’molga yo‘naltirmoqdamiz” deb yozdi iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov.

Dollar kursining pasayishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga ham ijobiy, ham salbiy ta‘sir ko‘rsatishi mumkin.
Ijobiy ta‘sirlari — importning arzonlashishi, milliy valyutaning mustahkamlanishi import qilinadigan tovarlar va xizmatlarning so‘mdagi narxini pasaytiradi. O‘z navbatida, bu ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyo va uskunalarni xarid qiluvchi korxonalar uchun xarajatlarning kamayishiga olib kelishi mumkin. Aholi uchun esa chetdan keltiriladigan iste‘mol tovarlari arzonlashishi mumkin.
Import tovarlari narxining pasayishi mamlakatdagi umumiy narxlar darajasiga, ya‘ni inflyatsiyaga pasaytiruvchi bosim o‘tkazishi mumkin. Shu bilan birga, O‘zbekistonning davlat va korporativ tashqi qarzlari asosan xorijiy valyutada, xususan, dollarda nominatsiya qilingan. So‘mning mustahkamlanishi ushbu qarzlarga xizmat ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan milliy valyutadagi xarajatlarni kamaytiradi.
Shuningdek, dollar kursining tushishi daromadlarini so‘mda oladigan aholining xorijiy valyutaga nisbatan xarid qobiliyatini oshiradi. Biroq bu eksportchilarning raqobatbardoshligining pasaytirishi va mahalliy ishlab chiqarishning susayishiga olib kelishi mumkin.
So‘m-dollar kursi ilgari juda kichik oraliqda (koridorda) tebranar edi. Ya’ni kunlik o‘zgarish juda kichik bo‘lardi. Hozir esa bu oraliq biroz kengaydi. Kurs ba’zi kunlari bir oz ko‘proq yuqoriga yoki pastga harakat qilyapti. Bu esa “buning orqasida kimdir turibdi”, “bu jarayondan kimdir soqqa qilyapti” kabi fikrlarni uyg‘otmoqda.
Mirkomil Xolboyev so‘m-dollar juftligida koridor kengayganligi Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi (XVJ)ning uzoq vaqtdan buyon berib keladigan tavsiyalariga amal qilinishni boshlanganligi natijasi ekanligini aytib o‘tdi.
“XVJ deyarli har bir hisobotida so‘mning moslashuvchanligini oshirish zarurligini ta’kidlab kelgan. Joriy yilning aprel oyidan esa so‘mning kunlik o‘zgarishi sezilarli kengaydi. Bu esa so‘m ko‘proq bozor prinsiplari asosida harakatlanadigan valyutaga aylanayotganini ko‘rsatayotgandek.
Albatta, ko‘pchilik so‘mning kichik koridor bilan tebranishiga o‘rganib qolgan lekin past volatillikni ta’minlash bozorga juda ko‘p aralashuvni talab qiladi. Agar fundamental omillar valyuta kursining qadrsizlanishi (yoki mustahkamlanishi) ni talab qilsa-yu qaror qabul qiluvchilar bunga teskari harakat qilsa, bu zaxiralarning yemirilishiga hamda oxir oqibat kursning bir martalik nisbatan yirikroq to‘g‘rilanishiga olib kelishi mumkin (masalan 2023 yildagi kabi). Shuning uchun valyuta kursi o‘zgarishida regulyator aralashuvining kamayishi ijobiy tendensiya sifatida qabul qilishi kerak.
O‘zi aslida so‘m-dollardagi koridorning kengayishi so‘mni noyob valyutaga aylantirgani yo‘q, balki boshqa bozor prinsiplari asosida o‘zgaruvchi valyutalarga (biroz) yaqinlashtirdi xolos”, deb yozgan u.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda dollar kursining hozirgi pasayishi asosan oltin narxi keskin ko‘tarilishi va xalqaro pul o‘tkazmalarining o‘sishi bilan bog‘liq. Bu holat importyorlar va tashqi qarzga ega bo‘lganlar uchun foydali bo‘lsa-da, eksportyorlar uchun muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi.
Izoh (0)