Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb 18-avgust kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ishtirok etdi. Siyosatchi hozirgi tinchlik o‘rnatish jarayonini o‘z mamlakatining Ikkinchi jahon urushidan chiqishi bilan qiyosladi.

Ba’zi xalqaro ommaviy axborot vositalari bu yerda (Oq uyda) Finlyandiya prezidentining nima qilayotganini so‘rashi mumkin. Menimcha, buning sababi shundaki, biz kichik davlat bo‘lsak-da, Rossiya bilan salkam 1300 kilometrdan ortiq uzun chegaraga egamiz. Shubhasiz, bizning Rossiya bilan Ikkinchi jahon urushi, Qishki urush va Davomli urushdan boshlab o‘z tarixiy tajribamiz ham bor.
Agar bugungi holatimizga ijobiy nuqtayi nazardan qaraydigan bo‘lsak, biz 1944-yilda yechim topgan edik va ishonchim komilki, 2025-yilda ham Rossiyaning agressiv urushiga barham berish, uzoq muddatli va adolatli tinchlikka erishish uchun yechim topa olamiz, deya ta’kidladi Stubb.
Aynan shu uchrashuvda prezident Vladimir Zelenskiy nozik masalalar, jumladan, hududlar masalasi faqat amerikalik hamkasbi Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uch tomonlama uchrashuvda hal etilishini ta’kidlagan.
1939-yil 30-noyabrda sovet-fin yoki Qishki urush boshlanib, 1940-yil 13-martgacha davom etdi. Mamlakatlar o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolandi, natijada Kareliya bo‘yni (ikkita suv havzasi orasida joylashgan quruqlik), Ladoga ko‘lining g‘arbiy va shimoliy sohillari hamda Fin qo‘ltig‘idagi bir qator orollar SSSR nazoratiga o‘tdi. Umumiy hisobda Finlyandiya o‘zining 11 foiz hududidan ayriladi. Biroq mamlakat suverenitetini saqlab qoladi.
“Qishki urush” natijasida SSSR 126 ming askaridan ayrilgan bo‘lsa, Finlyandiya atigi 22 ming jangchisini yo‘qotadi. Ko‘pgina mutaxassislarning fikriga ko‘ra, aynan Finlyandiya bilan urushdagi muvaffaqiyatsizlik Qizil armiya obro‘siga putur yetkazgan va bu Gitlerning bir yildan so‘ng SSSRga hujum uyushtirish haqida qaror qilishida muhim rol o‘ynagan.
Ukrainadagi urushning yakuni qanday bo‘lishi noma’lum. Biroq hozirgi Ukraina 1939-yilgi Finlyandiya vaziyatidan ancha yaxshiroq pozitsiyada. “Qishki urush” davrida SSSR aholisi Finlyandiya aholisidan o‘ttiz besh baravar ko‘p bo‘lgan bo‘lsa, Rossiya aholisi Ukrainanikidan atigi uch barobar ko‘p, xolos. Bundan tashqari hozirda Yevropa hamda jahon hamjamiyati Ukraina borasida deyarli yakdil fikrga ega va Kiyevga katta yordam ko‘rsatmoqda. Finlyandiya esa qudratli raqib qarshida deyarli yolg‘iz qolgan edi.
Izoh (0)