O‘zbekistonga Mo‘g‘ulistondan havo orqali qo‘ylarning birinchi partiyasi yetkazildi, deb xabar bermoqda Uzbekistan Airports.

Keltirilishicha, Navoiy xalqaro aeroportiga Mo‘g‘ulistondan “jonli” yuk bilan birinchi parvoz amalga oshirildi — O‘zbekistonga ming bosh “Bayad” zotli qo‘ylar keltirildi. Bu O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida chorvachilik sohasida davlat rahbarlari darajasida erishilgan ikki tomonlama kelishuv doirasidagi birinchi partiyadir.
Parvoz Qirg‘izistonning “KAP KG” ixtisoslashtirilgan yuk aviakompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Yetkazib berilgan yukning umumiy og‘irligi 37 tonnani tashkil etdi. Rejaga ko‘ra, oktyabr oyi oxirigacha 60 ta parvoz amalga oshirilib, 50 ming bosh mayda qoramol yetkazib beriladi. Yil oxirigacha umumiy ko‘rsatkichni 100 ming boshga yetkazish uchun noyabr va dekabr oylarida ham xuddi shunday hajmdagi yuk tashish rejalashtirilgan.
Yetkazib berish shartnomasi shu yilning iyun oyida Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiin Xurelsuxning uchrashuvi davomida imzolangan edi. 2029-yilga borib O‘zbekistonda ushbu zotga mansub qo‘y va echkilar sonini 1 million boshga yetkazish rejalashtirilgan.
Qaytish doirasida O‘zbekiston meva-sabzavotlarini Mo‘g‘ulistonga 123 ta havo yuk parvozlarida yetkazish rejalashtirilgan. Barcha parvozlar Navoiy xalqaro aeroporti orqali amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, aeroport, o‘z navbatida, loyihaga texnik yordam ko‘rsatadi, jumladan, logistikani muvofiqlashtirish va barcha zarur tartib-qoidalarni joyida amalga oshirish uchun malakali mutaxassislarni taqdim etadi.
Mo‘g‘uliston bosh vaziri o‘rinbosari S.Amarsayxan bilan muzokaralar o‘tkazilib, qo‘y va echkilarni eksport qilishda davlat bojini 18 dollardan 7 dollarga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishilgandi.
Izoh (0)