Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan maxsus tadbirda ishtirok etdi.
-MH9Ynfvs.avif)
Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, Turkmanistonning Avaza shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirda Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi — prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Qasimaliyev, Ozarbayjon bosh vaziri Ali Asadov, shuningdek, rasmiy delegatsiyalar a’zolari va jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, Toshkent shahrida bo‘lajak Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi maslahat uchrashuviga tayyorgarlikning asosiy jihatlari ko‘rib chiqildi. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning ushbu formatdagi raisligi doirasida birgalikda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Xususan, yil boshida raislik konsepsiyasi va qo‘shma tadbirlar rejasi qabul qilindi.
-nerq6HTq.avif)
-bJcgT48K.avif)

Xavfsizlik kengashlari kotiblari, maxsus xizmatlar rahbarlari, sanoat, energetika, suv xo‘jaligi va ekologiya vazirlarining uchrashuvlari, media va yoshlar forumlari o‘tkazildi. Yil yakuniga qadar parlamentlararo forum, mudofaa, savdo va transport vazirlarining uchrashuvlari, madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mintaqaviy sheriklikning yangi kun tartibini shakllantirish va uning normativ-huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida uchrashuvning konseptual hujjatlari tayyorlanmoqda.
Toshkent sammiti doirasida O‘zbekiston tomoni siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, iqtisodiy kooperatsiyaning yangi drayverlarini ishga tushirish, chegaraoldi savdoni ko‘paytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surish niyatida ekani ta’kidlandi. Suv va energetika sohalarida, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirish hamda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha amaliy hamkorlik masalalari diqqat markazida bo‘ladi.
Ozarbayjon tomonining uchrashuvlarda ishtirok etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunda mintaqa davlatlari Ozarbayjon bilan samarali hamkorlik qilmoqda. Savdo, transport, “yashil” energetika sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston prezidenti so‘zining yakunida Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro muvofiqlashtirilgan va kelishilgan yondashuvlari mintaqada taraqqiyot va farovonlik maqsadlariga erishishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Shavlat Mirziyoyev Serdar Berdimuhamedov taklifiga binoan Turkmanistonga amaliy tashrif bilan 4-avgust kuni kelgandi. O‘zbekiston yetakchisi 5-avgust kuni BMTning dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etadi. “Avaza” milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tadigan tadbirda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish, xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari qatnashadi.
Izoh (0)