O‘zbekiston rahbari prezident Serdar Berdimuhamedov taklifiga binoan amaliy tashrif bilan Turkmanistonga bordi. Bu haqda 4-avgust kuni Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Shavkat Mirziyoyevni Turkmanboshi shahri aeroportida turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov kutib olgan.
“O‘zbekiston yetakchisi 5-avgust kuni BMTning dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan maxsus tadbirda ishtirok etadi hamda qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi”, deya xabar qilgan manba.
“Avaza” milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tadigan tadbirda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish, xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari qatnashadi.
Konferensiya kun tartibidan transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, iqtisodiy transformatsiya, iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit uchun xatarlarga bardoshlikni oshirish, Barqaror rivojlanish maqsadlarini ro‘yobga chiqarishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan. “Avaza” siyosiy deklaratsiyasi va harakatlar dasturining qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2024-yil oktyabr oyida amaliy tashrif bilan Turkmanistonga tashrif buyurgan edi. Safar davomida prezident turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300-yilligiga bag‘ishlangan “Zamon va sivilizatsiyalarning o‘zaro bog‘liqligi – tinchlik va taraqqiyot asosi” xalqaro forumining yalpi majlisida nutq so‘zlagandi.
Izoh (0)