O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi farmoyishi bilan ikki departament boshlig‘iga o‘rinbosarlar tayinlandi. Bu haqda 31-iyul kuni prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Hikmatilla Ubaydullayev Prezident administratsiyasi Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt bo‘yicha departamenti boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Elmurod Najimov Kreativ iqtisodiyot va turizm bo‘yicha departamenti boshlig‘i o‘rinbosari bo‘ldi.
Maʼlumot uchun, Hikmatilla Ubaydullayev strategik kommunikatsiyalar, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt sohasida mutaxassis hisoblanadi. U generativ sunʼiy intellekt, taʼlim va maʼlumotlarni avtomatlashtirish hamda tahlil qilish sohasidagi amaliy yechimlar kesishmasida loyihalarni amalga oshiruvchi xususiy laboratoriya — AIM Lab’ning asoschisi va rahbaridir.
Ubaydullayev ilgari Prezident administratsiyasi tuzilmalarida rahbarlik lavozimlarini egallagan. Xususan, Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi matbuot xizmatiga rahbarlik qilgan, shuningdek, Milliy ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi matbuot kotibi lavozimida ishlagan. 2022—2023-yillarda Prezident administratsiyasida AKT va jamoat loyihalari bo‘yicha yetakchi maslahatchi vazifasini bajargan.
Hikmatilla Ubaydullayev joriy yil 2-iyuldan boshlab Markaziy Osiyo sunʼiy intellekt assotsiatsiyasi (AICA) ijrochi direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.
Izoh (0)