Qashqadaryo viloyatida uyining tomorqasida “kannabis” giyohvandlik o‘simligini ekib, parvarish qilayotgan fuqaro aniqlandi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar qilgan.
Qayd etilishicha, Qarshi shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan, shahar hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida, Qarshi shahrida yashovchi muqaddam sudlanmagan fuqaro H.N. yashash uyining tomorqa qismida 14 tup “kannabis” giyohvandlik o‘simligini ekib, parvarishlab kelayotgani maʼlum bo‘lgan.

Shuningdek, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida o‘tkazilgan tintuv tergov harakati davomida fuqaroning yashash uyi yotoqxonasidan yana 1 083 gr quritilgan “marixuana” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda hujjatlashtirib olingan.
Boshqa bir holatda esa, Qarshi shahrida yashovchi muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi bilan sudlangan fuqaro X.O.ning kiyimlari xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, fuqaro gugurt qutisi ichida “marixuana” giyohvandlik vositasini saqlab kelayotgani aniqlangandi.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan tegishli tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Izoh (0)