Toshkentda shifoxonalar uchun imtiyozli yo‘llanmalarni sotish bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, fuqaro G.M. Telegram orqali Toshkent shahridagi tuman tibbiyot birlashmalarida ishlayotgan “ishonchli” tanishlari yordamida poytaxtdagi har qanday shifoxonaga 1,5-2 million so‘m evaziga davolanish uchun imtiyozli yo‘llanma tayyorlab berishini muntazam eʼlon qilib kelgan.

Ushbu holat yuzasidan nazorat tadbiri o‘tkazilib, ushbu fuqaro, uning sheriklari va bir necha tibbiyot xodimlari qo‘lga olindi.
O‘rganish jarayonida G.M.ning sherigi — fuqaro M.Q.ning yonida ham M.G.ga tegishli yo‘llanma borligi aniqlangan. Shuningdek, Ibn Sino nomli 1-son shahar klinik shifoxonasida davolanish uchun beriladigan orderlar ham topilgan.
Hujjatlarga Shayxontohur tumanidagi oilaviy poliklinikalarning birida ishlayotgan shifokorlarning imzosi va muassasa muhri qo‘yilgani maʼlum bo‘ldi.
Hozirgi paytda mazkur holat yuzasidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish hamda dastlabki tergov harakatlari olib borish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Izoh (0)