Joriy yil yanvar-iyul oylarida mamlakatda o‘tgan yil mos davridagidan 884 mln metr kub kam gaz qazildi. Raqamlar Statistika qo‘mitasi hisobotida qayd etilgan.
-xJ5u8xLW.avif)
Yetti oy mobaynida O‘zbekistonda 25,3 mlrd metr kub tabiiy gaz qazib olingan. Bu o‘tgan sakkiz yilning mos davrlari uchun eng kam ko‘rsatkich hisoblanadi. Masalan, gaz qazishda 2024-yil ilk yetti oyidagiga qaraganda (26,2 mlrd metr kub) 3,4 foiz pasayish kuzatilgan. Agar olti yil oldingi raqamlarga qaralsa, hajmlar hozirgidan 10 mlrd metr kub ko‘p bo‘lganini ko‘rish mumkin.
Taqqoslash uchun, o‘tgan yillarning yanvar-iyul oylarida quyidagi hajmlarda gaz qazib olingan:
- 2017-yil — 32,2 mlrd metr kub;
- 2018-yil — 35,1 mlrd metr kub;
- 2019-yil —35,4 mlrd metr kub;
- 2020-yil — 29 mlrd metr kub;
- 2021-yil — 30,7 mlrd metr kub;
- 2022-yil — 30,3 mlrd metr kub;
- 2023-yil — 27,4 mlrd metr kub.
Joriy yilda gaz qazib olish sezilarli kamayganiga qaramay, mazkur mahsulot eksporti hajmi oshirilgan. Xususan, yanvar-iyul oylarida xorijga 438,6 mln dollarlik gaz sotilgan. Bu o‘tgan yil mos davridagi eksport hajmidan 38,2 foizga ko‘p. Yetti oy davomida mamlakat 734 mln dollarlik gaz import qilgan.
Respublikada aholiga gaz ishlab chiqarilgan narxidan arzon sotilgani sabab ko‘rilgan zararni qoplash uchun davlat byudjetidan subsidiya to‘lab kelinadi. Masalan, 2025-yil uchun shunday maqsadga 7 trln so‘m ajratiladi. Kelasi yilda gazga byudjetdan 5,9 trln so‘m, 2027-yilda 5,5 trln so‘m berilishi rejalashtirilgan.
2024-yil 18-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisida bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov gazga subsidiya berish qachon to‘xtatilishini aytgandi.
“Subsidiyalash 2025-2026-yillarda ham davom etadi, 2027-yil keskin pasayadi, 2028-yildan boshlab subsidiyalar byudjetdan berilmaydi”, degan hukumat mulozimi.
Ammo reja o‘zgargan ko‘rinadi, yaʼni 2028-yilda ham gazni subsidiyalashga byudjetdan 5 trln so‘m yo‘naltiriladi.
Izoh (0)