Shavkat Mirziyoyev 30-iyul kuni meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportini ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida xom mevani eksportga chiqarayotgan tadbirkorlarni tanqid qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

“Mahsulotlarimiz sifatli va shirin bo‘lgani uchun tashqi bozorlarda ‘O‘zbekistonda yetishtirilgan’ brendi shakllangan”, dedi davlat rahbari. Lekin ayrim “chaqqon” savdogarlar hammadan oldin qimmatroq sotishni ko‘zlab, xom mevani eksportga chiqarayotganini tanqid qildi.
Oqibatda xorijdagi savdo tarmoqlari minglab tonna O‘zbekiston mahsulotini xom holatda yetkazib berilgani uchun qabul qilmagan. Prezident buning natijasida O‘zbekistonda yetishtirilgan mahsulotlar tashqi bozorda o‘z o‘rnini yo‘qotishi mumkinligini qat’iy ko‘rsatib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev 21 ta tumanda eksport o‘tgan yilga nisbatan 70 foizga ham yetmaganini ham aytdi. Vaholanki, bu tumanlarda 80 ming gektar paxta va g‘alla ekilmaydigan maydon, yana 55 ming gektar tomorqa yeri bor. Ushbu 21 ta tuman hokimiga viloyat hokimlari bilan birgalikda bu borada o‘zgarish qilish bo‘yicha aniq rejalarni tuzish topshirildi.

Prezident xorijdagi elchixona va bosh konsulxonalarni eksportni ko‘paytirishga faolroq ko‘maklashishga chaqirdi.
Bu yilgi meva-sabzavot eksportining 80 foizi 5 ta davlatga — Rossiya, Pokiston, Qozog‘iston, Afg‘oniston va Xitoyga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yilga nisbatan Janubiy Koreya, Vengriya, Malayziya, Polsha, Qozog‘istonga kamaygan. Buyuk Britaniya, Italiya, Shvetsiya, Yaponiya, Hindiston, Qatarga eksport kutilganidek bo‘lmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Elchixonalardagi savdo maslahatchilarining bu boradagi faoliyati sust ekani qayd etildi. Ularga eksportchi korxonalar bilan birga ishlab, ularga bozor topish, ko‘rgazmalar tashkil qilish, savdo uyi va ombor tashkil qilish, mahsulotiga sertifikat olish kabi masalalarda ko‘maklashish topshirildi.
Izoh (0)