Kelasi yili tashqi qarzning 25 trln so‘mi, 2027-yilda esa 29,6 trln so‘mi davlat dasturlariga ajratiladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan 2026—2028-yillar uchun mo‘ljallangan Fiskal strategiyada qayd etilgan.

Kelgusi uch yilda byudjet taqchilligi bardavom bo‘ladi
Strategiyaga ko‘ra, joriy yilda mamlakat konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 474,9 trln so‘m, xarajatlari 526,9 trln so‘mga yetishi kutilmoqda. Bunda umumiy byudjet taqchilligi 52,1 trln so‘mni (3 foiz) tashkil etishi prognoz qilinyapti.
Strategiyada 2026-yilda davlat byudjeti taqchilligi 58,8 trln so‘m, 2027-yilda 67 trln so‘m, 2028-yilda 75,9 trln so‘mgacha yetishi qayd etilgan.
2026-yilda byudjet taqchilligi asosan jalb qilinadigan qarzlar hisobidan taʼminlanadi. Kamomadni qoplash uchun 3 mlrd dollar tashqi qarz, 1,9 mlrd dollar ichki qarz olinadi. Shu bilan birga, 0,9 mlrd dollarlik taqchillikni davlat aktivlarini sotish orqali so‘ndirish rejalashtirilgan.
Davlat byudjetidan tashqi qarzni qaytarish uchun 2025-yilda 39 trln so‘m, 2026-yilda 39,9 trln so‘m, 2027-yilda 41,1 trln so‘m ajratilishi kutilmoqda. Ichki qarz xarajatlariga esa joriy va kelgusi uch yillikda har yili 25,2 trln so‘mdan yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Tashqi qarzning yirik qismi davlat dasturlariga ajratiladi
2026-yilda prezident va hukumat qarorlariga muvofiq qabul qilingan davlat dasturlari va tadbirlarni moliyalashtirishga byudjetdan jami 70,9 trln so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.
“Mazkur mablag‘lar iqtisodiyot, ijtimoiy soha, transport-kommunikatsiya, texnik-muhandislik, energetika obyektlarini qamrab olgan infratuzilma tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini o‘z vaqtida moliyalashtirishni taʼminlash imkonini beradi”, deyiladi strategiyada.
2026-yilda 25 trln so‘mlik davlat dasturlari tashqi qarz hisobidan amalga oshiriladi. 2027-yilda bu raqam 29,6 trln so‘mga, 2028-yilda 36,2 trln so‘mgacha oshib borishi belgilangan.
Joriy yilda tashqi qarzning 18,8 trln so‘m miqdori davlat dasturlariga ajratiladi.
Iqtisod fanlari doktori, professor To‘lqin Boboqulov “Daryo”ga bergan intervyusida tashqi qarzlarni byudjet kamomadini qoplash uchun sarflash noto‘g‘ri ekanini aytgan.
“Tashqi qarzning asosiy qismi mamlakat iqtisodiyotiga, yaʼni real sektorga yo‘naltirilishi kerak. Misol uchun, tashqi qarz hisobidan yangi texnologiyalar jalb qilinishi lozim. Biroq biz tashqi qarzning deyarli yarmini byudjetga yo‘naltirmoqdamiz. Aslida, byudjetning 80-90 foizi noishlab chiqarish xarajati hisoblanadi. Shuning uchun tashqi qarzni byudjetga yo‘naltirayotganimiz O‘zbekiston iqtisodiyotiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi. Ikkinchidan, agar davlat byudjetini tashqi qarz hisobidan yopsak, milliy valyutadagi so‘m hajmi ko‘payib ketadi. Bu esa mamlakatda inflyatsiya oshishiga olib keladi. Bundan tashqi, bir necha jiddiy muammolar bor. Shuning uchun tashqi qarz hisobidan byudjetni qo‘llab-quvvatlashga chek qo‘yishimiz kerak”, degan ekspert.
Iqtisodchi o‘z fikrini davom ettirib, katta miqdorda olingan tashqi qarzlar o‘zini oqlamaganini ta’kidlagan.
“Tashqi qarz hisobiga moliyalashtirgan ayrim loyihalarimiz o‘zini oqlamadi. Misol uchun, Qashqadaryo viloyatidagi GTL zavodi yoki Qoraqalpog‘istondagi Ustyurt gaz majmuasi. Axir, bu zavodlar qurilganidan keyin mamlakat gaz importini keskin oshirib yubordi. Agar olingan tashqi qarzdan foyda bo‘lmasa, uni ertaga qaytarish muammo bo‘ladi. Keyin kelajakda boshqa sohalar hisobiga qarzni qoplashga to‘g‘ri keladi”, deydi To‘lqin Boboqulov.
Maʼlumot uchun, joriy yil I choragi yakunida O‘zbekiston tashqi qarzi 42,4 mlrd dollarga yetdi. Bu tarixiy maksimum hisoblanadi. Qarzlarning 84 foizi (35,5 mlrd dollar) tashqi qarzlar bo‘lib, mamlakatga ko‘proq xalqaro moliya institutlari kredit bermoqda.
O‘zbekiston davlat qarzi 2025-yil yakunida 45,1 milliard dollarga yetishi prognoz qilingan. Bu yil yakunida kutilayotgan yalpi ichki mahsulotga (125 mlrd dollar) nisbatan 36,7 foizga teng degani. Joriy yilda 5,5 mlrd dollar miqdoridagi tashqi qarz olinishi belgilangan. Shundan 3 mlrd dollari byudjetni qo‘llab-quvvatlashga, qolgan 2,5 mlrd dollari investitsiya loyihalari uchun yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
2026-yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 140 mlrd dollardan ortishi prognoz qilinmoqda. Dastlabki tahlillarda makroiqtisodiy hamda fiskal ko‘rsatkichlar barqarorligi taʼminlansa, davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbati kelasi yili 37,9 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bu davlat qarzi 53 mlrd dollardan ortishini anglatadi.
Izoh (0)