Bugungi kunda Jan Reno eng mashhur fransuz aktyorlaridan biri sanaladi, ammo uning olamshumul shuhratga erishish yo‘li oson kechmagan. Aktyorning 77 yoshga to‘lishi munosabati bilan uning hayot yo‘li haqida ma’lumot beramiz.
Yoshlik yillari
Bo‘lajak aktyor 1948-yil 30-iyulda Kasablanka (Marokash)da tug‘ilgan. Uning ota bosmaxonachi, onasi esa tikuvchi bo‘lib, diktatorlik tufayli yaxshiroq hayot izlab Ispaniyadan ko‘chib ketishgandi. Kichkina Xuan Moreno-i-Errera Ximenez (Jan tug‘ilganda shunday nom berilgan) ilk yillarini Marokashda o‘tkazadi. Bola 12 yoshga to‘lganda, oila Fransiyaga ko‘chishga majbur bo‘ladi.
Oila ancha kamtarona hayot kechirardi. Otasi ko‘p ishlashga majbur edi, shu bois uyga charchab qaytib, faqat tinchlik istardi. Ehtimol, shu sababli Jan bilan otasi o‘rtasidagi munosabatlar sovuq edi, bola esa onasiga juda bog‘lanib qolgandi. Shuning uchun ham onasining saraton kasalligidan vafot etishi 17 yoshli yigit uchun og‘ir zarba bo‘ladi.
“Shubhasiz, ota-onamni sog‘inaman. Ularni umrim oxirigacha sog‘inib o‘taman. Otam kam gapirardi, menga mehribonlik ko‘rsatmasdi, chunki u 19-asrda tug‘ilgan edi. Ammo u meni yaxshi tarbiyaladi”, dedi Jan Reno oilasi haqida “Telestar” nashriga.
Onasining vafotidan ko‘p o‘tmay, Xuan Fransiya fuqaroligini olish maqsadida harbiy xizmatga jo‘naydi. U yerdan uni Germaniyaga yuborishadi. Qiyinchiliklar bo‘lsa-da, u ko‘ngilochar dasturga mas’ul ofitser bilan til topishib, uning kotibi bo‘lib oladi. Keyinchalik u cho‘ntagida atigi 100 frank va katta orzusi bor edi...
Reno bolaligidanoq aktyor bo‘lishni orzu qilardi — o‘smirlik chog‘larida hatto Kasablankadagi konservatoriya qoshidagi teatr to‘garaklariga qatnashgandi. O‘shanda ota-onasi o‘g‘lining orzularini qiziqish bilan tinglashardi, ammo Xuanning bir kun kelib jahon yulduziga aylanishini xayollariga ham keltirmagandilar...
Taxallus
Harbiy xizmatni o‘tab, fuqarolik olgan yigit darhol Rene Simon studiyasiga aktyorlik kasbining sir-asrorlarini o‘rganish uchun yo‘l oladi. O‘sha yerda unga bu ismi bilan odamlar xotirasida qolishi qiyin bo‘lishini aytishadi va Xuan taxallus haqida o‘ylay boshlaydi. Reno uzoq vaqt bosh qotiradi, turli variantlarni ko‘rib chiqadi, hatto o‘zini Jonatan Brann deb atashni ham o‘ylaydi. Biroq oxir-oqibat o‘z ismidagi ortiqcha harflarni olib tashlab, Jan Renoga aylanadi.
Kinoga qadam qo‘yayotganimda, bunday qiyin ism bilan aktyorlik karyerasini unutishim kerakligiga ishora qilishdi. Yulduzlarning ismlari ancha qisqa ekanini o‘zim ham ko‘rganman. Shuning uchun o‘zimni Jonatan Brann deb atadim va bor kuchim bilan amerikalashishga harakat qildim: qora ko‘zoynak taqdim va sochlarimni uzun qilib o‘stirdim. Natija nolga teng bo‘lib chiqdi: rejissyorlar menga e’tibor berishmasdi. Shunda hamma gap simmetriyada deb o‘yladim: ko‘plab mashhur aktyorlarning ismlari va familiyalarida harflar soni bir xil - masalan, Alen Delon va Marlon Brandoda. Men uzoq vaqt o‘z familiyamni shunday qilishga urinib ko‘rdim, lekin bosh qotirishdan charchadim va undan menga ortiqcha tuyulgan hamma narsani o‘chirib tashladim. Faqat “Xuan” va “Reno”ni qoldirdim. Keyin “Xuan”ni fransuz tiliga o‘girdim — Jan Reno bo‘ldim, deydi Jan Reno intervyularidan birida.
Ham qahramon, ham yovuz
O‘qish paytida Jan “Oddiy askar Jo tarixi” filmidagi aktyor Robert Mitchemga havas qilardi. Uning yovuzlarni ham, qahramonlarni ham o‘ynay olishi Janga juda yoqar va u ham shunday bo‘lishni xohlardi.
U juda ajoyib, serqirra aktyor edi. Men uni sevimli aktyorim deb atagan bo‘lardim. Turli xil rollarni o‘ynay oladigan aktyorlarni qadrlayman. Men doimo yovuz odam rolini yoki faqat komediyada rol o‘ynashni xohlamasdim. Janrlarni aralashtirishni yaxshi ko‘raman, deydi Reno intervyusida.
Shuni ta’kidlash joizki, nafaqat qattiqqo‘l qahramonlarni, balki ajoyib hazil tuyg‘usiga ega quvnoq personajlarni ham o‘ynash orzusini Reno to‘liq amalga oshirdi. “Kelgindilar” haqidagi filmi aktyorning komediya iste’dodini to‘laqonli namoyon etdi.
Kursni tugatgach, yosh aktyor teatrga ishga kiradi. Bu, albatta, daromad keltirmasdi, shuning uchun goh bojxonachi, goh haydovchi bo‘lib ishlashga majbur bo‘ladi. 1974-yilda esa teatrga sahna ishchisi sifatida ishlay boshlaydi. U yerda uni “Kuniga bir sir” serialiga taklif qilishadi. Reno xursandchilik bilan rozi bo‘ladi, biroq bu rol unga shuhrat keltirmaydi. Uni shunchaki sezishmaydi... Renoning keyingi ishlari ham xuddi shunday ahamiyatsiz bo‘lib qoladi. Kino sohasida hech omadi kelmaydi.
Lyuk Besson
Jan yosh rejissyor Lyuk Besson bilan tanishgandan so‘ng hammasi o‘zgaradi. G‘oyalarga boy yigit o‘zining “So‘nggi jang” (1983) filmida do‘stiga rol taklif etadi. Hech narsaga umid qilmagan Reno rozi bo‘ladi va darhaqiqat, bu ish ham e’tiborsiz qoladi, biroq Renoga muhim tanishuv imkonini beradi. Tabiiy ravishda, ijodiy hamkorlik bir loyiha bilan cheklanib qolmaydi. 1988-yilda Reno “Moviy tubsizlik” filmidagi asosiy rollardan birini ijro etadi va “Sezar” mukofotiga sazovor bo‘ladi.
Filmni suratga olish paytida aktyor deyarli cho‘kib ketadi. U suvga sakrab, asta-sekin cho‘kshi kerak edi. Sahna oldidan g‘avvoslar bilan mashg‘ulot bo‘ladi, lekin Jan negadir vahimaga tushib, niqobni yechib tashlaydi. O‘shanda uni faqat xotini va bolalari haqidagi o‘ylar qutqarib qolgandi — u oilasini shunday tashlab ketolmasdi... Aktyor bor kuchini yig‘ib, suzib chiqadi.
Keyin “Nikita” (1990-yil) filmida suratga tushadi, 1994-yilda Reno mashhur “Leon” filmida yollanma qotil rolini ijro etadi. O‘sha paytda hech kim film shunchalik mashhur bo‘lishini tasavvur ham qilmagandi. Yollanma qotil va oilasi o‘ldirilgani uchun qasos olayotgan qiz (Natali Portman) haqidagi hikoya tomoshabinlarni larzaga soladi va bu asar Jan Renoga misli ko‘rilmagan shuhrat keltiradi. Uning nomi butun dunyoga taniladi — u o‘shanda 46 yoshda edi.
Filmning muvaffaqiyati aktyorning Gollivuddagi kelajagini ta’minlaydi. U “Uddalab bo‘lmas topshiriq”, “Da Vinchi siri” kabi filmlarda suratga tushadi... Ko‘pchilik bilmaydi, ammo Reno “Godzilla” uchun “Matritsa”dagi rolni rad etgan. O‘sha paytda taniqli bo‘lmagan aka-uka Vachovskilarning loyihasi aktyor uchun unchalik qiziqarli tuyulmagan.
Birinchi muhabbati
Aktyorning shaxsiy hayotida ham, karyerasida ham hammasi bir zumda o‘nglanmadi. Ilk muhabbat iztiroblari, ayriliq va ko‘ngilsizliklar — bularning barchasini Reno ham boshidan kechiradi.
Aktyor 17 yoshida Katrin ismli qizni sevib qoladi. Janning nazarida, ularning his-tuyg‘ulari shu qadar kuchli ediki, sevgilisi uni, albatta, armiyadan kutib olardi. Biroq ayriliq paytida Katrin Renoga bir marta ham xat yozmaydi. Yillar o‘tib, u Katrinni xiyobonda ko‘rib qolib, gaplashmoqchi bo‘ladi, ammo ayol o‘zini tanimaganga olib yonidan o‘tib ketadi.
Kursdosh rafiqasi
Jan birinchi xotini Jeneveva bilan hali mashhur bo‘lmagan paytida tanishgan — qiz uning kursdoshi edi. 1977-yilda qizi Sandra, uch yildan so‘ng esa o‘g‘li Mikael dunyoga keladi.
Aynan shu ayol Renoning karyerasi endigina boshlanayotgan paytda yonida bo‘lib, uni qo‘llab-quvvatlagan. Ular 15 yildan so‘ng ajrashishadi. Ajralish sabablari haqida turli mish-mishlar tarqaladi: pul yetishmasligi, aktyorning suratga olishlarda juda bandligi, hatto xiyonatlar haqida ham gapiriladi.
Men xiyonat qilishni, xotinimga bevafolik qilishni bilmayman. O‘zgalar bilan munosabat o‘rnatmaganman va o‘rnatmayman ham. Axir bu juda og‘ir: yolg‘on gapirish, aldash, chap berish kerak... Hech qachon bir vaqtning o‘zida ikkita sevgilim bo‘lmagan, gapimga ishonavering, degan edi Jan Reno intervyularidan birida.
Model turmush o‘rtog‘i
Aktyor birinchi rafiqasi bilan ajrashgandan so‘ng polshalik model Natalya Dishkevich bilan sevgi munosabatlarini boshlaydi. Qizni ko‘chada sayr qilib yurganida ko‘rib qolib, uchrashuvga taklif qilgan. O‘shanda qiz qarshisida mashhur aktyor turganini bilmasdi.
Munosabatlar tez rivojlanib, Jan sevgilisiga turmush qurishni taklif qiladi. Ayol rozi bo‘ladi. 1996-yilda ularning to‘ng‘ich farzandi Tom, 1998-yilda esa Serena tug‘iladi. Ammo 5 yillik nikohdan so‘ng, 2001-yilda er-xotin ajrashadi.
Navbatdagi muhabbat
Reno besh yil davomida bo‘ydoq yuradi, keyin esa belgiyalik model va aktrisa Zofiya Boruka bilan uchrasha boshlaydi. Qiz aktyordan 24 yosh kichik edi.
Ular turmush quradi va Nyu Yorkda yashay boshlashadi. Ularning to‘yida aktyorning ko‘p yillik do‘sti va qo‘shnisi — siyosatchi Nikolya Sarkozi kuyovjo‘ra bo‘lgan. 2009-yilda o‘g‘illari Sielo, 2011-yilda esa Din dunyoga keldi. O‘shanda aktyor 60 yoshdan oshgan edi.
Hozirda oila ikki mamlakatda — AQSH va Fransiyada hayot kechirmoqda, tez-tez sayohat qilishadi va farzandlarini birga tarbiyalashadi. E’tiborlisi, bolalar katta aka-ukalari va opa-singillari bilan juda yaxshi munosabatda.
Hozirda aktyorning sevimli rafiqasi, oltita farzandi, usiz yashay olmaydigan kasbi va qiziqarli mashg‘ulotlari bor. U pianino chaladi, Milanning “Inter” jamoasiga muxlislik qiladi, Elvisga taqlid qiladi, oilasi bilan zaytun yog‘i tayyorlaydi va nafaqa haqida hatto o‘ylamaydi ham.
Izoh (0)