Angliya Premyer Ligasining 1-turidan o‘rin olgan “Liverpul” – “Bornmut” (4:2) uchrashuvi chog‘ida noxush holat yuz berdi. BBC xabariga ko‘ra, nogironlar aravachasidagi “Liverpul” muxlisi mehmon jamoa hujumchisi Antuan Semenyoga irqchilik asosidagi haqoratlar qilgani uchun Buyuk Britaniyadagi barcha stadionlarga kirish huquqidan mahrum etildi.

Ma’lum qilinishicha, unga nafaqat stadionlarga kirish taqiqlangani, balki futbol arenalariga 1 mildan (1,6 km) yaqinlashish ham man etilgan.
Voqea o‘yinning birinchi bo‘limida sodir bo‘lgan. “Bornmut” hujumchisi Semenyo hakamga murojaat qilib, nogiron muxlis tomonidan irqiy kamsitilishga uchraganini bildirgan. Bu holatdan so‘ng 47 yoshli erkak stadiondan chiqarib yuborilgan va keyinchalik “jamoat tartibini buzish” hamda “og‘irlashtiruvchi holatlar bilan” ayblanib hibsga olingan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, u kafolat asosida qo‘yib yuborilgan, biroq tergov harakatlari davom etmoqda.
Antuan Semenyo esa o‘yindan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda jamoadoshlari, “Liverpul” futbolchilari va futbol jamoatchiligiga ko‘rsatgan birdamlik va qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirdi.
Ma’lumot uchun, mazkur bahsda “Liverpul” 4:2 hisobida zafar quchdi. Semenyo esa “Bornmut”ning har ikki goliga mualliflik qilib, o‘yinning eng faol futbolchilaridan biriga aylandi.
Izoh (0)