Xitoylik YouTube bloger Sin Chjiley o‘zining mushuklari uchun kichik hajmda, ammo to‘liq funksional bo‘lgan metro tizimini ishlab chiqdi, deb yozadi RBK. Metro tunellar, bekatlar va harakatlanadigan poyezdlardan iborat.

Bloger muhandislik bo‘yicha ta’lim olgan bo‘lib, uning texnik bilimlari bu g‘aroyib loyihani amalga oshishida asosiy rol o‘ynagan.

Metro g‘oyasi ikki yil avval yaratilgan mushuklar uchun maxsus uy loyihasidan keyin paydo bo‘lgan. O‘sha paytda bloger o‘z qo‘li bilan mushuklar uchun butun boshli “mini shahar” barpo etgan. Unda kibertrak, spa salon, kvadrotsikl, supermarket, garaj va hatto teatr ham mavjud bo‘lib, tomoshabinlar bu ishni ko‘rib, undan yanada kattaroq va murakkabroq loyiha yaratishini so‘rashgan. Natijada “mushuklar dunyosi” loyihasining davomi sifatida mini metro qurilgan. Loyihani to‘liq yakuniga yetkazish uchun to‘rt oy vaqt ketgan.

Metro qurilishi jarayonida Sin Chjiley ikki asosiy qiyinchilik bilan yuzlashdi. Birinchisi — poyezd eshiklari bilan platforma eshiklarini bir vaqtda ochilib-yopiladigan tarzda sozlash edi. Bu metro ishini real ko‘rinishda namoyish etishda juda muhim hisoblangan. Ikkinchi qiyinchilik esa to‘liq ishlaydigan eskalator yasash bo‘lib, bunda mexanika bo‘yicha chuqur bilim bilan birga ijodiy yondashuv ham talab qilingan.

Natijada metro batafsil va mukammal ko‘rinishga ega bo‘ldi: poyezd tunellardan o‘tib, mushuk yo‘lovchilarga mo‘ljallangan stansiyaga keladi. Platforma eshiklari poyezd eshiklari bilan bir vaqtda ochilib-yopiladi, bu esa mushuklarga bemalol kirib-chiqish imkonini beradi. Mini eskalator esa loyihaga yanada ko‘proq reallik muhitini beradi.
Sin Chjiley bundan avval boshpanasiz mushuklar uchun 100 ta isitish tizimiga ega uychalar qurib, ularni qishning sovug‘idan himoya qilgan edi.
Izoh (0)