Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov “Afrosiyob” poyezdlarida yo‘lovchilar uchun Wi-Fi xizmati ishga tushirilganini maʼlum qildi.

Sherzod Shermatov Buxoroga poyezdda borib-kelishda mazkur xizmatdan foydalangan holda foydali videolar tomosha qilib ketgan.
“Yaqinda Buxoroga poyezdda borib-kelishda eʼtibor qilsam, hali ham ko‘pchilikni Uztelecom Wi-Fi xizmatlarini ishga tushirganidan xabari yo‘q ekan. Shaxsan tekshirib kelish niyatida YouTubeʼda foydali kitoblarni yaxshi tushuntirib bergan videolarni ko‘rib keldim. Sizga ham safarlarda shu kabi foydali kanallarni ko‘rib ketishni tavsiya qilaman, kitob yoningizda bo‘lmaganida, o‘sha kitoblardagi foydali qismlarini sodda videolar orqali o‘rganib, o‘zingizni rivojlantirib boraverasiz.”
Vazir Shavkat Mirziyoyev doimo o‘qish va ilm olish masalasiga alohida eʼtibor qaratishini taʼkidlab, poyezddagi safarda ham bemalol foydali bilimlarni o‘rganish mumkinligini taʼkidlagan.
“Prezidentimiz doim o‘qish, ilm o‘rganish haqida taʼkidlab boradilar, hatto kechagi Sport obektlariga tashrif davomida ham juda ko‘p aynan o‘qishga va ilmga eʼtibor qaratdilar. Ko‘pchilik ish ko‘p, o‘rganishga vaqt topish qiyin deb bahona qilishga o‘tadi, endi esa poyezddagi safarda ham bemalol foydali bilimlarni o‘rganib borsa bo‘ladi.”
Shuningdek, Sherzod Shermatov poyezdlar ichiga qo‘shimcha uskuna qo‘yishga tegishli ruxsatlarni olishga yordam bergani uchun Transport vazirligiga minnatdorlik bildirgan.
“Transport vazirligiga poyezdlar ichiga qo‘shimcha uskuna qo‘yishga tegishli ruxsatlarni olishga yordam berganlari uchun minnatdorchilik bildiramiz va kelgusida xarid qilinadigan yangi poyezdlar boshidan ichidagi tegishli telekommunikatsiya uskunalari bilan olinadi deb umid qilamiz. Tez harakatlanadigan va metal ko‘p ishlatilgan vagonlarda tashqaridagi aloqa signallari abonentlarga yetib borishida muammo bo‘ladi, shuning uchun ularning ichida tegishli qurilma o‘rnatilishi shart”, deydi vazir.
“Afrosiyob” poyezdi relsiga beton tashlab, qo‘poruvchilik qilgan temiryo‘lchilar uzoq muddatga qamalgani xabar qilingandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Navbahor tuman sudi tomonidan esa qonunbuzarlar qo‘poruvchilik harakatini sodir etganlikda aybdor deb topilib, ularning biriga 13 yil, ikkinchisiga esa 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
O‘z navbatida qo‘poruvchilik harakati natijasida jinoyatchilar tomonidan “Afrosiyob” poyezdiga 260 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlangan. Pullar davlat hisobiga undirilgan.
Izoh (0)