Seriallar ko‘ngilochar sanoatning muhim qismiga aylandi. Ularni butun dunyo bo‘ylab millionlab tomoshabinlar ko‘rmoqda. Striming platformalari va telekanallar ko‘p seriyali loyihalarni ishlab chiqarishga tobora ko‘proq mablag‘ sarflamoqda. Bu bevosita aktyorlarning gonorariga ta’sir ko‘rsatmoqda.
Gonorar miqdori kanal, serial byudjeti va aktyorning nomiga bog‘liq. Shunday qilib, serial aktyorlari aslida qancha pul topishini batafsil ko‘rib chiqishga harakat qilamiz.
Gollivud aktyorlari qancha gonorar oladi?
G‘arbda aktyorlarga to‘lanadigan gonorar bevosita loyiha byudjeti, tarqatish platformasi hamda san’atkorning mashhurligiga bog‘liq. Eng yuqori gonorarlarni Netflix, HBO, FX, Disney+ kabi striming xizmatlari va AQSHning yirik telekanallari taklif qiladi. “Juda g‘alati hodisalar” serialida aktyorlar dastlab har bir qism uchun 20-80 ming dollar orasida gonorar olgan. Yakuniy mavsumga kelganda asosiy ijrochilar — Milli Bobbi Braun, Finn Vulfxard, Devid Xarbor har bir seriya uchun 350 ming dollargacha ishlab topishdi. Ularning ba’zilari esa butun mavsumda jami 7 million dollardan ko‘proq daromad qildi.
Mashhur “Do‘stlar” sitkomi aktyorlar juda yuqori maosh olgan ilk seriallardan biri bo‘lgan. Boshlanishida 1994-yilda ular har bir qism uchun 22,5 ming dollardan olgan. So‘nggi mavsumlarga kelib esa — bir million dollardan. Asosiy gonorardan tashqari, aktyorlar takroriy ko‘rsatuvlardan keladigan foydaning 2 foizini olish huquqiga ega bo‘lishdi. Bu gonorarlar hozirga qadar davom etmoqda. Amerika OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ularning har biri faqatgina mualliflik huquqi to‘lovlari hisobiga yiliga taxminan 20 million dollar daromad qilmoqda.
“Qo‘rquv anatomiyasi” serialida ham aktrisa Ellen Pompeo uzoq vaqt davomida har bir qism uchun taxminan 575 ming dollar olgan. U, shuningdek, loyihaning prodyuseri bo‘lib, bu orqali yiliga 20 million dollargacha daromad qilgan. Ko‘plab muvaffaqiyatli seriallarda aktyorlar hamprodyuser sifatida ishga jalb qilinadi yoki foydadan ulush oladi — bu ularning yakuniy daromadini sezilarli darajada oshiradi.
Bundan tashqari, HBO telekanalining eng qimmat loyihalaridan biriga aylangan “Taxtlar o‘yini” serialini alohida ta’kidlash lozim. Mashhurlikning cho‘qqisida beshta asosiy aktyor — Emiliya Klark, Piter Dinkleyj, Kit Xarington, Nikolay Koster-Valdau va Lina Xidi har bir qism uchun 500 ming dollardan olgan. So‘nggi mavsumlarda ularning har biri bir mavsumda taxminan 5 million dollar ishlab topgan.
Qo‘shimcha daromad reklama, brendlar bilan tuzilgan shartnomalar, mahsulotlar savdosi va aksiyalarda qatnashish orqali kelib tushadi. HBO yoki Netflix loyihalarida rol ijro etuvchi aktyorlar ko‘pincha yirik xalqaro kompaniyalar bilan reklama shartnomalari tuzadi.
Ish haqi nimaga bog‘liq?
Aktyor qanchalik mashhur bo‘lsa, uning gonorari shunchalik yuqori bo‘ladi. Bu nafaqat kino yulduzlariga, balki ommaviy axborot vositalari vakillariga ham taalluqli. Telekanallar nafaqat aktyorlik mahorati uchun, balki tomoshabinlarni jalb qiladigan taniqli yuz uchun ham pul to‘laydi.
Gonorar to‘g‘ridan-to‘g‘ri smenalar soniga ham bog‘liq. Asosiy rollar barcha qismlarda qatnashishni nazarda tutadi, shunga muvofiq ko‘proq smenalar va yuqoriroq daromad bo‘ladi. Ikkinchi darajali aktyorlar yoki epizodik rollarni ijro etuvchilar bitta loyiha uchun munosib gonorar olishlari mumkin, biroq ularning stavkasi va umumiy daromadi pastroq bo‘ladi.
Bundan tashqari, ayrim aktyorlar serial yaratishda prodyuser sifatida ishtirok etadi yoki serialning umumiy daromadidan ulush oladi. Shaxsiy kelishuvlar va agentlik yordami ham muhim rol o‘ynaydi. Kuchli agentlarga ega bo‘lgan san’atkorlar ko‘pincha gonorar, ish jadvali va mukofotlar bo‘yicha qulay shartlarga erishadi.
Izoh (0)