San’atkorlarning Yangi yil bilan bog‘liq xotiralari, ko‘pincha, o‘ziga xos va rang-barang bo‘ladi. Ba’zi san’atkorlar Yangi yil bayramini sahnada yoki xizmat safarida kutib olgan bo‘lsa, yana kimdir bu sehrli bayramni to‘shakda isitma bilan o‘tkazgan. Mashhurlarning Yangi yil bilan bog‘liq xotiralari va olgan noodatiy sovg‘alari haqida gaplashamiz.
Afruza: “Bayram arafasidagi xizmatlarimga kelinlik oilamdagilar qarshilik qilishmaydi”
— 31-dekabrda kechki dasturxon atrofida, albatta, oilaviy yig‘ilamiz. Ammo kunduzi xizmatlarim bor, to‘g‘risini aytib qo‘yaqolaman, deydi yosh kelinchak Afruza kulib. — Bunga turmush o‘rtog‘im va oila a’zolarim qarshilik qilishmaydi, sababi biz ijodkorlar oilasimiz, uydagi barcha ijod, san’at bilan mashg‘ul bo‘ladi. Avvallari Yangi yil kechasida uyga ulgurib kelolmagan paytlarim juda ko‘p bo‘lgan. San’atkormiz, o‘sha kuni ham tadbirlarda bo‘lamiz, deydi u.
Lola: “Yangi yil oilaviy bayram!”
— Yangi yilni doimgidek oilam, farzandlarim, turmush o‘rtog‘im bilan kutib olaman. Yangi yil, axir oilaviy bayram! Bayramda barchaga baxt tilayman, baxtli bo‘linglar, barchamiz tinch-totuv yashaylik, deydi latofatli Lola.
“Via Marokand” guruhi a’zosi Rashid: “Norinning xamirini o‘zimiz to‘g‘raymiz”
— Guruh yangi ochilgan vaqtda xizmatimiz juda ko‘p bo‘lgan, 31-dekabrda Samarqanddan qaytyotganimizda yo‘lda kutib olganmiz. Uyga yetib borishga ulgurmay qolganmiz, chamasi 00:45 larda uyga kirib kelganimda hamma uxlab qolganini ko‘rib, bir o‘zim o‘tirganman.
Bayramni oila davrasida kutib olaman, albatta. Avvallari do‘stlar davrasida, ko‘chada nishonlagan bo‘lishim mumkin, lekin hozir uchta qizim bilan bu kechani kutib olishdan ortiq baxt yo‘q. Yangi yil juda quvnoq bayram, oila davrasida olivye salatini qilib, hattoki norinning xamirini o‘zimiz to‘g‘rab kutib olamiz. Aslida, shunisi qiziq.
Yangi yilda olgan eng yaxshi sovg‘am — uchinchi qiz farzandim! Men uchun Allohdan berilgan eng yaxshi sovg‘a shu bo‘ldi, deydi Rashid.
Ziyoda: “Farzandlarim qo‘ng‘iroq qilib bayram bilan tabriklashadi”
— Yangi yilni oila davrasida kutib olishni yaxshi ko‘raman, ammo xalq xizmatlari va tadbirlarda bo‘lib qolganimiz tufayli ko‘pincha uyga yetib kelolmay qolaman. Salyut otilishi bilan farzandlarim qo‘ng‘iroq qilib “Oyi, bayram muborak” degan paytlari ham bo‘lgan. Ayniqsa, kichkina farzandim “Siz yaxshi ona bo‘lmayapsiz” deb qo‘yadi, juda e’tibortalab. Katta farzandim har holda meni tushunadi, charchashimni biladi, menga rahmi keladi. Bu yil ham xizmatlar borligi haqida ma’murim aytgandi, lekin uyga yetib borishga iloji boricha harakat qilaman, dedi xonanda.
Ra’no Alimova: “Zarbalar uchun ham minnatdorman”
— Yangi yilni o‘zimning texnikalarim bilan boshlayman — tugab borayotgan yil uchun, sodir bo‘lgan har qanday voqea — xoh zarbalar bo‘lsin, xoh quvonchli kunlar bo‘lsin, barchasi uchun shukr keltiraman. Yangi yilga qilayotgan niyatlarim xuddi ro‘yobga chiqqandek, minnatdorlik bilan ularni yozaman. Yangi yilni oilaviy nishonlash — xursandchilik onlarini birga o‘tkazishning yana bir imkoniyati, shu sababli men ham uni oila davrasida kutib olaman. Eslasam, bu bayramni hecham boshqa joyda nishonlamagan ekanman.
To‘g‘risini aytsam, bayramga olgan barcha sovg‘alarim ham odatiy bo‘lgan. Ayollarga kim noodatiy sovg‘a beradi? O‘sha bilaguzuk, o‘sha atir yoki bo‘lmasa guldon, deydi taniqli boshlovchi.
Umidaxon: “Isitma bilan to‘shakka yotib qolgandim”
— 2023-yil kirib kelayotganda qattiq betob bo‘lib qolganman. Dasturxon ham yasatilmagan, hech qanday tayyorgarlik ko‘rilmagan. Isitmam chiqib, to‘shakda salyut ovozini eshitib Yangi yilni kutib olganman.
2024-yil akam Ulug‘bek Rahmatullayev bilan duet aytganim va boshqa ko‘plab yutuqlarga erishganim bilan yodda qoldi. Sovg‘aga kelsa, men uchun eng muhimi e’tibor — bir kilogram mandarin ko‘tarib kelishsa ham xursand bo‘laman, deydi xonanda.
Dilmurod G‘ulomov: “Bayramda Avstraliyada qolib ketganman”
— Taqdir taqozosi bilan Yangi yilni xorijda kutib olgan paytim bo‘lgan. Yo‘lda borar manzilimizga ulgurolmay qolganimiz sababli dunyoning boshqa qit’asi Avstraliyada do‘stlar va biznes hamkorlar bilan kutib olganman. Avstraliyadan O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri reys bo‘lmagani sababli Malayziyaga borib, o‘sha yerdan uchishimiz kerak edi. Bu esdan chiqmaydigan Yangi yil oqshomi bo‘lgan. Lekin oila bilan kutib olish baribir boshqacha ekan, bo‘lmadi deganda o‘z yurtimda “Xalqlar do‘stligi”ning sahnasida kutib olishga ham rozi edim, dedi teleradioboshlovchi.
Mushtariy Zafar: “Dadam o‘yinchoqsiz archa olib kelganlar”
— Aslida bayramni har yili oilaviy kutib olishga astoydil harakat qilaman, lekin, bilasiz, xalq xizmati va tadbirlarda bo‘lamiz. Yangi yil arafasida ham ayni xizmat ko‘paygan vaqt bo‘ladi. Nasib qilsa, oilam bilan, nasib qilmasa, ishda kutib olaman, ammo baribir ishdan chiqib uyga kelaman.
Bolalik vaqtlarimda dadam bayramga yaqin archa olib kelganlar-u, ammo archaning o‘yinchog‘ini sotib olish yodlaridan chiqqan. Iya, o‘yinchog‘i qani, desak dadam ham hayron. Keyin opa-singillarim bilan o‘zimiz qo‘l mehnati bilan o‘yinchoqlar yasaganmiz. O‘yinchoqsiz archa voqeasi esimdan chiqmaydi, deydi yosh xonanda.
Azoda: “Bayramga o‘zgacha sovg‘a — BMW avtomobili”
— Bir dasturxon atrofida Yangi yilni kutib olgach, do‘stlar bilan nishonlash uchun ko‘chaga chiqamiz. Avvallari bayramni yo‘lda yoki boshqa joyda kutib olgan paytlarim ham bo‘lgan, ammo kelin bo‘lgach ikki yildan buyon oila bilan nishonlash baxtiga erishganman. Yangi yilga noodatiy sovg‘a olmaganman, eslolmayapman. Menimcha, BMW yoki Mercedes avtomobilini sovg‘a qilishsa, shu o‘zgacha sovg‘a bo‘lardi (kulib), deydi bloger va xonanda.
Izoh (0)