O‘FA anjumanlar zalida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdagi hisobot Kongressi va 2024-yilning eng yaxshilarini taqdirlash marosimi bugun, 14-dekabr kuni o‘tkazildi.
Dastlab tashkilotning 2024-yilgi faoliyati, qilingan ishlar hisoboti, kelgusi yil rejalari tinglandi. Kongressda ishtirok etgan O‘FA prezidenti Abdusalom Azizovning futboldagi rahbarlik lavozimini davom ettirishi maʼlum bo‘ldi.
Tadbir doirasida O‘zbekistonning 2024-yildagi eng yaxshilarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, Abbosbek Fayzullayev O‘zbekistonning 2024-yildagi eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Temur Kapadze esa jurnalistlar tomonidan berilgan ovozga ko‘ra, eng yaxshi murabbiy bo‘ldi.
O‘FAning 2024-yil yakunlariga bag‘ishlangan taqdirlash marosimida barcha yo‘nalishlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritganlar:
“Futbolimiz nuroniysi” — Yuriy Sarkisyan
Futbolimiz faxriysi, murabbiy sifatida 5 karra O‘zbekiston chempioni, 9 karra kumush medali sohibi, 2 karra O‘zbekiston kubogi g‘olibi, Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi afsonasi, ayni kunlarda muborak 77 yoshni qarshi olgan Yuriy Sarkisyanga “Futbolimiz nuroniysi” sovrini topshirildi.
“Fidoyilik ramzi”
58 yil davomida Buxoro viloyati bolalar va o‘smirlar futbolida jonkuyarlik bilan ishlab, minglab yosh futbolchilarni tarbiyalagan, klublar va terma jamoalarga isteʼdodlarni yetishtirib chiqargan faxriy — Ibrohim Sharipovga “Fidoyilik ramzi” sovrini topshirildi.
“Yilning eng yaxshi hakami”
O‘tgan mavsum davomida bir nechta xalqaro o‘yinlarga tayinlov olgan, xususan, Parijda o‘tgan Olimpiadaning 4 ta uchrashuvida faoliyat olib borgan, OCHL final uchrashuvida ishlagan Ilgiz Tantashev — “Yilning eng yaxshi hakami” sifatida eʼtirof etildi.
“Yilning eng yaxshi ayol hakami”
Bu yil bir nechta xalqaro o‘yinlarda faoliyat olib borgan va O‘zbekiston kubogi final uchrashuvini yuqori saviyada o‘tkazgan referi Gulshoda Saidqulovaga — “Yilning eng yaxshi ayol hakami” sovrini topshirildi.
Joriy yilda futbolni rivojlantirish va qator nufuzli musobaqalarni o‘tkazishdagi ko‘rsatgan ko‘magi va qo‘llab-quvvatlagani uchun hamkor tashkilotlarga “Samarali hamkorlik ramzi” sovrini topshirildi.
Joriy yilda turli terma jamoalarimiz faoliyati va futbol musobaqalarini yoritishda faollik ko‘rsatgani uchun bir qator OAV vakillari taqdirlandi.
FIFA Futzal Jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishdagi hissasi uchun mezbon shaharlar — Toshkent, Buxoro va Andijon assotsiatsiyalari eʼtirof etildi.
“Bolalar futboli bo‘yicha yilning eng yaxshi murabbiyi”
O‘FA birinchiligi musobaqalari ikki karra g‘olibi, o‘smirlar terma jamoasiga 8 nafar futbolchi yetkazib bergan Paxtakor akademiyasi murabbiyi Bobur Abdurahmonovga — “Bolalar futboli bo‘yicha yilning eng yaxshi murabbiyi” sovrini topshirildi.
“Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi”
Bir necha yillardan buyon o‘smirlar va yoshlar terma jamoalarimiz darvozasini mustahkam himoya qilib kelayotgan, joriy yilda So‘g‘diyona jamoasida ham ishonchli o‘yinlar ko‘rsatgan yosh posbonimiz Muhammadyusuf Sobirov — “Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” deb topildi.
“Yilning eng yaxshi futzal murabbiyi”
Joriy mavsumda jamoasi bilan birgalikda O‘zbekiston chempionati va kubogida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Nodir Eliboyev — “Yilning eng yaxshi futzal murabbiyi” deb topildi.
“Yilning eng yaxshi futzalchisi”
O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasi yetakchisi Husniddin Nishonov — “Yilning eng yaxshi futzalchisi” deb topildi.
“Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi”
O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi yetakchisi Diyora Habibullayeva — “Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi” deb topildi.
Temur Kapadze – 2024-yilning eng yaxshi murabbiyi
Ilk marotaba Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritib, jamoasi bilan birgalikda tarixiy natija qayd etgan O‘zbekiston U23 terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze — “Yilning eng yaxshi murabbiyi” deb topildi. U sovrinni MOQ birinchi vitse-prezidenti Otabek Umarov qo‘lidan qabul qilib oldi.
Abbosbek Fayzullayev – 2024-yilning eng yaxshi futbolchisi
O‘zbekiston milliy jamoasi hamda SSKA klubi yarimhimoyachisi Abbosbek Fayzullayev ketma-ket ikkinchi marta mamlakatimizning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Marosimga yetib kelgan 21 yoshli futbolchi sovrinni O‘FA prezidenti Abdusalom Azizovning qo‘lidan qabul qilib oldi.
Jurnalistlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma yakuniga ko‘ra, Fayzullayev sovringa nomzod bo‘lgan Abduqodir Husanov va O‘tkir Yusupovni ortda qoldirdi va ketma-ket ikkinchi yil O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Tadbir yakunida O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov 2024-yilda futbolda erishilgan yutuqlarni eʼtirof etib, 2025-yilda ham ko‘zlangan maqsadlarga yetish yo‘lida barchaga omad tilab, O‘zbekiston milliy jamoasining JCH-2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritishini tiladi.
“Daryo” ushbu tadbirdan fotosuratlarni taqdim etadi.
Izoh (0)