Nufuzli Transfermarkt onlayn portali Portugaliya terma jamoasi va Saudiyaning “An-Nassr” klubi hujumchisi Krishtianu Ronalduning bozor qiymatini yangiladi.
Endilikda 39 yoshli futbolchi sayt tomonidan 12 million yevroga baholanmoqda. Uning avvalgi narxi 15 million yevro edi.
Joriy mavsumda Ronaldu barcha musobaqalarda 19 ta uchrashuvda qatnashib, 16 ta gol va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Futbolchining klub bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2025-yilning yoziga qadar amal qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Krishtianu Ronaldu rasmiy o‘yinlarda 916 ta gol urgan tarixdagi birinchi futbolchiga aylangandi. Ronaldu “Sporting” safida 5 ta, “Manchester Yunayted”da 145 ta, “Real”da 450 ta, “Yuventus”da 101 ta, “An-Nassr”da 81 ta va milliy terma jamoa safida 134 ta gol urgan. Bundan tashqari, hujumchi milliy terma jamoa, Yevropa chempionati, Chempionlar Ligasi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionati tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi.
“Barselona”ning sobiq futbolchisi Messining yangi narxi 20 million yevroni tashkil etmoqda. Sentyabrda u 25 million yevroga baholangan edi.
Avvalroq Transfermarkt portali Fransiya chempionatida harakat qilayotgan futbolchilarning narxini yangilagan edi. Unga ko‘ra, “Lans” klubi va milliy jamoa himoyachisi Abduqodir Husanovning narxi 12 million yevroga yetdi va O‘zbekistonning eng qimmat futbolchisiga aylangandi. Shunday qilib futbol yulduzi Ronaldu va Abduqodir Husanovning narxi tenglashdi.
Izoh (0)