O‘zbekistondagi islohotlar davrida ko‘p o‘zgarishlar, ayniqsa, aholi uchun qator qulayliklar, yengilliklar yaratildi va bu ishlar davom etyapti. Masalan, hujjatlar almashinuvining elektron shaklga o‘tkazilayotgani ko‘pchilikning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilmoqda. Ilgari soatlab navbat kutish yoki boshqa turli asabbuzarliklarga barham berildi. Kuni kecha hukumatning yangi qarori bilan 1-iyuldan boshlab yana qator hujjatlarning elektron shakli tan olinadigan bo‘ldi. Bularning barchasi, albatta, maqtovga sazovor.

Biroq afsuski, bu islohotlar yangi tashkil etilgan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi va Toshkent shahridagi “Maxsustrans” davlat unitar korxonasiga qadar yetib bormayotgandek. Buni tahririyatimizga kelayotgan murojaatlardan ham bilish mumkin. Ularning ayrimlarini eʼtiboringizga havola qilamiz:
Olimjon, Sergeli tumani:
Sergeli tumanidagi ko‘p qavatli uyda yashayman. “Propiska” balosi avjiga chiqqan paytda samarqandlik qadrdonimizning o‘g‘lini “propiska” qilgan edik, aks holda davlat ishiga joylasha olmasdi. Shu yigit ishga kirdi, oilali bo‘ldi. Avval kelin, keyin farzandlari ham “propiska”ga qo‘shildi. O‘zlari Toshkentning markaziga yaqinroq joyda ijaraga turishadi. Hamma to‘lovlarini vaqtida to‘laydi.
Ammo oylar va yillar davomida bizning uyimizga “Maxsustrans” vakili kelib, o‘sha ijaradagilar uchun ham to‘lov talab qiladi. Men unga vaziyatni tushuntirib, ular bu yerda yashamasligini,boshqa joyda ijarada turishini aytaman. Har safar to‘lov kvitansiyalarini ko‘rsatishni talab qilishadi va har safar o‘sha qog‘ozni topib bergunimizcha mashmasha davom etadi. Shuni “Maxsustrans” bo‘limlari o‘zaro axborot almashib, yo‘lga qo‘ysa bo‘lmaydimi?
Ahmad, Shayxontohur tumani:
Nomimda ikkita uy bor, bittasida o‘zimiz yashaymiz, bittasi (oilaviy yotoqxona) asosan, bo‘sh turadi. “Propiska”miz o‘sha uyga qo‘yilgani uchun chiqindi to‘lovlarini ham o‘sha manzil bo‘yicha to‘lab kelyapmiz. Chet elda paytim telefonimga MIBdan xabar keldi — menga 345 ming so‘m jarima belgilanibdi. Surishtirsam, chiqindi to‘lovi. Shu summa uchun ovora bo‘lib yurmay, tag‘in yana muammo bo‘lmasin deb to‘lay qoldim. Ertasiga yana 800 ming so‘mlik SMS keldi — bunisiyam o‘shalardan. Xorijdan qaytgach, tuman “Maxsustrans” bo‘limiga borib aniqlashtirdim.
Maʼlum bo‘lishicha, ro‘yxatda hech kim yo‘q manzilimga shuncha jarima belgilanibdi. Oldinroq hamma kerakli hujjatlar (17 formali maʼlumotnoma, mahalladan dalolatnoma)ni nazoratchiga berganman, ammo u paytda xususiy korxona ishlagan va ular bu hujjatlarni tuman korxonasiga taqdim etmagan. Endi ana shu hujjatlarni yana boshqatdan yig‘ishni so‘rashdi. My.gov orqali olingan maʼlumotnomalar esa hisobga olinmas ekan.
Nima uchun men barcha to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab, yana men ovora bo‘lishim kerak? Nima uchun ular bir odamdan bir necha marta to‘lov undirishdan uyalishmayapti? Yana menga asossiz jarima qo‘llab mol-mulkimga taqiq o‘rnatishgan. Axir kerakli idoralar bilan integratsiya qilib, yagona baza yaratish qiyin ish emas-ku? Yoki hujjatlar elektron shaklga o‘tmasligidan kimdir manfaatdormi?
Muzaffar, Sergeli tumani:
O‘tgan yili bir voqea bo‘ldi. Bir necha yil davomida chiqindi uchun “Maxsustrans” xodimlari aytgan summada to‘lov qilib keldim. Kunlarning birida men to‘layotgan summa kishi boshiga to‘lanishi kerak bo‘lgan miqdordan karrasiga qimmat ekanini bilib qoldim. Aniqlashtirsam, uyimizga mutlaqo begona, men tanimaydigan 4-5 kishi ro‘yxatga qo‘yilgan ekan.
Zarur hujjatlarni to‘plab, “Maxsustrans” idorasiga murojaat qildim. Ular summani o‘zgartirdi, ammo o‘tgan yillar davomida amalga oshirilgan ortiqcha to‘lovlarni qayta hisob-kitob qilishni istamadi. Menga pulni qaytarish emas, keyingi to‘lovlarim uchun hisobga olishsa ham yetarli edi. Ammo bu murojaatimni hech kim eshitgani ham yo‘q.
Savollar turlicha va ular juda ko‘p. Eng yomoni — elektron hujjat aylanish tizimi yo‘lga qo‘yilmagani tufayli odamlar turli idoralarda sarson bo‘layotgani. Qaysi xonadonda qancha odam yashayotgani haqidagi maʼlumotlar My.gov, IIV va mahalla bazalarida mavjud. Ish ana shu maʼlumotlar asosida yo‘lga qo‘yilsa, xatolik ham, ovoragarchilik ham kamaygan bo‘lardi.
Masʼul agentlik va “Maxsustrans” DUK ushbu muammoga eʼtibor qaratadi, deb ishonamiz.
Izoh (0)