Yaqinda Yevropada bir martalik yelim idishlardan foydalanish qat’iyan taqiqlandi. Ikki yil avval Gruziya hukumati ham shunday qaror chiqarib, bunday mahsulotlarni import qilish, sotish va ishlab chiqarishga taqiq qo‘ygandi. Dunyo okeanlarining ifloslanishi, flora va fauna olamiga yetkazayotgan ulkan zarari, atrof-muhitning turli chiqindiga to‘lib, ekologiya inqiroziga sabab bo‘layotgani Yevropa davlatlarining shu qarorga kelishiga sabab bo‘ldi. Bu muammo bizga ham o‘gay emas.
Poytaxt ko‘chalarini kezganda, deyarli har qadamda (!) bir marta foydalanib tashlab yuborilgan yelim idish, rang-barang paketlarni uchratish, kamiga oyoq ostida sochilib yotgan chiqindilarni ko‘rish mumkin. To‘g‘ri, shahar obodonlashtirish boshqarmalari xodimlariga jiddiy e’tiroz ham bildirolmaymiz. Sababi, bu jarayonda taraflarning “hissa”si bor: sen tashlamasang, uning ishi kamayadi yo u vaqtida tozalasa, hadeb muammo bo‘lavermaydi! Shundaymi?
XIX asr insoniyat hayotini tubdan o‘zgartirish barobarida qator muammolarni ham yaratib berdi. XX asrga kelib kashfiyot hisoblangan yengilliklar keyinchalik tabiiy ofat, ekologik inqirozlarni tezlashtirdi. Yelim xaltalar ham avvaliga bozor-o‘charni osonlashtirgani, xaridor xavotirini aritganiga ko‘pchilik buni chinakam ixtiro deb qabul qildi va muhandis, avstriyalik olim Maks Shushniyni daho sanashdi. O‘sha paytdagi yelim xaltalar ham hozirgidek yengil, pishiq, mustahkam bo‘lib, oziq-ovqat do‘koni, meva rastalarida tekinga berilardi. Oradan vaqt o‘tib, olim ixtirosi ancha qimmatga tushishi, tabiatga zarari milliardlab summalarga tengligi aniq bo‘ldi.
Aniqlanishicha, yelim xaltalar yerga ko‘milgan taqdirda ham 200 yilcha (ba’zi manbalarda 400–500 yillar) o‘z holini saqlab turadi – chirimaydi. Tuproq unumdorligiga ta’sir qilib, ifloslanish darajasini oshiradi. Kuydirish, hammasini bir yerga yig‘ib o‘t qo‘yish ham samarasiz – atmosferaga zaharli gaz oqimi ko‘payadi. Okeanlarga tashlangan chiqindilar orasida esa aynan plastik idishlar har yili millionlab suv jonivorlarini nobud qilayotgani, qariyb 700 turdagi hayvonning qirilib-yo‘qolishiga sabab bo‘layotgani achinarli. Mitti planktondan ulkan kitgacha shu muammo qarshisida ojiz va oxiri, qurbon bo‘lishga mahkum.
Dunyo okeanlaridan tashqari Toshkent ko‘chalari va ko‘p qavatli uylar orasida joylashgan chiqindixonalarda ham ahvol ancha yomon. Tomchi toshni yorganidek, yo‘l chetidagi sun’iy zovurlar, ariq bo‘ylari, chiqindixonalardagi maxsus qutilar ham yelim xalta, bir martalik plastik idishga to‘la. 2019-yilning 1-yanvaridan O‘zbekistondagi do‘konlarda yelim xaltalarni bepul berishni taqiqlash haqida taklif berildi va amalda qo‘llanyapti ham. Lekin bunga faqat yirik savdo do‘konlarigina rioya etayotgani muammoga yechim emas. Kichik oziq-ovqat do‘konlari, dehqon bozorlarida qariyb hamma mahsulot yelim xaltaga, bir martalik idish yoki o‘ramlarga solib beriladi va hech qanday haq so‘ralmaydi. Ehtimol, shu omil ham (bozor-o‘charda ko‘proq yelim xaltaga suyanish) birdan voz kechishimizni qiyinlashtirib, oqibatini to‘g‘ri baholashimizga to‘siq bo‘layotgandir...
Avallari bozorga borarimizda onamiz qo‘limizga matodan tikilgan xalta yo bo‘z qopchiq tutqazardilar. To‘g‘ri, paketlar ishlatishga ancha qulay, arzon va har doim topiladigan narsa. Undan dab-durustdan voz kecholmaymiz. O‘rganganmiz-da! Lekin ba’zan shunchalik ko‘payib ketadiki, nima qilishni bilmay, tandirga o‘tqalayman yo o‘choqqa tutantiriq qilaman. Boshqa iloji yo‘q. Yerga ko‘msam, chirimaydi, chiqindiga tashlasam, maxsustrans kelgunicha hidlanadi. Majbur bo‘laman yoqishga.Ikki yil oldin Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi yelim xaltalarni pullik qilishni taklif etdi-yu, o‘tgan yilning 19-oktyabrida Transport vazirligi jamoat transportidan foydalanganda yo‘lovchilarning tibbiy niqobga qo‘shimcha tibbiy qo‘lqopda bo‘lishini qat’iy belgilaganda negadir jim turdi. To‘g‘ri, COVID-19 tarqalishini kamaytirish, aholi salomatligini ko‘zlab bu qarorga kelindi, lekin, afsus, hech bir natija chiqmadi. Aksincha, chiqindi qutilarining to‘lgani, shahar ifloslanishi darajasining oshgani va millionlab mablag‘ sarflangani qoldi, xolos.Madina Boboxo‘jayeva, uy bekasi
Xorijda yashayotgan, u yerda qabul qilinayotgan qonun-qarorlarni kundalik hayotida sezayotgan yurtdoshlar bilan suhbatlashganda yelim xaltalar muammosini ancha avval bartaraf qilishga kirishishgani oydinlashdi.
Shu yilning 3-iyulidan Germaniyada bir marta ishlatiladigan plastik mahsulotlarning bir nechta turidan foydalanish uzil-kesil taqiqlandi. Bular, asosan, bir martalik idish-tovoq, fast-fud, qahva va boshqa ichimliklar uchun ishlatiladigan idishlar. Yana paxtali cho‘plar (uxochistka) va shunga o‘xshash narsalardan foydalanmaslik talab etilayapti. Lekin bu qaror yelim paket va o‘ramlarga taalluqli emas. Savdo do‘konlari va maishiy xizmat ko‘rsatish joylarida avvaldan (men bilganim 5–10 yillardan beri) bir martalik idishlarning deyarli 99 foizi qog‘ozdan tayyorlangan bo‘lardi, ya’ni hali qaror chiqmasidan avval ham ishlab chiqaruvchilar aholi talabi, ehtimol, hukumat rag‘bati bilan plastikdan imkon boricha voz kechishgan edi. Bu qaror butun Yevropa Ittifoqi bo‘ylab amal qiladi. Germaniya esa bu qarorning asosiy tashabbuskorlaridan.National Geographic’ning yozishicha, hozirgacha ishlab chiqarilgan barcha plastik idishlarning yarmi so‘nggi 15 yil ichida ishlab chiqarilgan. Eng yomoni, sonlar 1950-yildagi 2,3 million tonnadan 2015-yilgacha 448 million tonnagacha o‘sgan. 2050-yilga kelib ko‘rsatkich ikki baravar ko‘payishi kutilmoqda. Bugun okeanlar qirg‘og‘idagi chiqindilarning 73 foizi plastik idishlardan iborat.Garchi bir qaraganda ko‘zga tashlanmasa-da, O‘zbekistondagi ahvol ham xorij davlatlarinikidan kam emas. “Biz qachon plastik paket va idishlardan voz kechishimiz mumkin; Plastik paketlarni kamroq ishlatish bo‘yicha yoki odamlarga uning zararini tushuntirish bo‘yicha Ekoqo‘mita qandaydir loyihalarni amalga oshirmoqdami va bu qanday bo‘ladi; plastik paket o‘rniga aholiga nima tavsiya/taklif qilinishi mumkin?” kabi savollar bilan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi mas’ul xodimiga murojaat qildik, ammo o‘n besh kundan ko‘p vaqt o‘tsa ham, hech qanday javob ololmadik. O‘rniga, Germaniyada bu borada qanday ishlar qilinayotganini Umida Elmurodova so‘zlab berdi:Umida Elmurodova, nevropatolog. Berlin shahrida yashaydi
Bu yerda nodavlat tashkilotlarning mustaqilligi va jamiyatdagi roli baland. Iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashuvchi siyosiy partiya va bir qancha nodavlat notijorat tashkilotlari mavjud bo‘lib, ular hukumatdan mutlaqo erkin faoliyat yuritadi va hatto hukumatga bosim o‘tkaza oladi. Shu kabi tashkilotlar va bevosita ekofaol aholi doimo namoyishlar uyushtirib, hukumatni iqlim o‘zgarishlariga qarshi chora ko‘rishga majburlaydi. To‘g‘ri, bu yerda hamon yelim xalta va o‘ramlardan foydalanishadi. Ammo juda ko‘pchilik imkon boricha plastiklarni kamroq ishlatishni ma’qul ko‘radi. Bu yerda “baklajka”lar do‘konlarga qaytarib topshiriladi. Do‘kondan ichimlik sotib olsangiz, yelim idishi uchun alohida pul to‘laysiz. Keyin bo‘shagan “baklajka”ni qaytarib olib borsangiz, to‘lagan pulingiz qaytarib beriladi. Bundan tashqari, Germaniyada chiqindilar alohida ajratiladi: qog‘oz, plastik va oziq-ovqat chiqindilari alohida qilinadi. Har bir oila shunga odatlangan. Bu ham atrof-muhitning yelim idishlar bilan ifloslanishini kamaytiradi. Shuningdek, qayta ishlangan mahsulotlardan tayyorlangan buyumlar qadrliroq bo‘ladi.
Xo‘sh, dunyo hamjamiyati yelim xaltalar zarariga jiddiy e’tibor berib, uni yo‘qotish-kamaytirishga urinayotgan paytda biz biror tayinli ish-harakat qilyapmizmi? Birgina yelim xaltalarni pullik qilish bilan ish bitmaydi, menimcha. Xaridor va iste’molchiga qog‘oz xaltalar, tabiatga zarari kam mahsulotlarni ko‘proq taklif qilish yoki biror ta’limiy loyiha ishlab chiqish ham foyda beradi. Masalan, Finlyandiya yelim xaltalarga qarshi taqiq bilan emas, balki ma’lumot berish bilan kurashishga qaror qilgan. 2016-yili Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi va Finlyandiya kasaba uyushmasi mamlakatda shunday xaltalardan foydalanishni kamaytirish bo‘yicha kelishuv imzolagan. Shartnomaga qo‘shilgan kompaniyalar xaridorlarga xaltalarning zarari va mavjud muqobillari to‘g‘risida ma’lumot berishlari, plastik paketlarni bepul bermasliklari shart. 2018-yilga kelib hayratlanarli natija kuzatildi: Finlyandiyada mavjud 3400 dan ortiq do‘konda yelim xalta talabi 60 foizga qisqardi.
Yoki yelim idishlarga qarshi kurashda yetakchi Norvegiyani olaylik. 2016-yili bu yerda mamlakatdagi barcha yelim shishalarning 97 %, ya’ni 600 million plastik shisha qayta ishlangan. 1 krona (taxminan, 1200 so‘m)ga sotiladigan yelim shishadagi ichimliklarning bo‘shagan idishini qaytarish shart. Oziq-ovqat do‘konlarida joylashgan maxsus avtomatga tashlanganda, iste’molchiga haqi qaytariladi. Chiqindidagi idishlarni qayta ishlashni kompaniyalar zimmasiga oladi va soliqlar ham ish hajmiga qarab kamaytiriladi.
Xullas, rivojlangan mamlakatlar kelajakka musaffo osmon, osuda hayot va jonli tabiat qoldirish payida hozir. Qabul qilinayotgan qonun-qarorlarda ham bu yaqqol bilinadi. Ayniqsa, maqsad ekologiyani asrash bo‘lgan xalqaro tashkilotlarning har bir tashabbus-loyihasi ham aholi, ham hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Bizda-chi, birgina daraxtlar kesilishi yoki yelim xaltalardan haddan tashqari ko‘p foydalanish, kasallik sabab bir martalik yelim qo‘lqoplarning o‘ylama-netmay joriy etilishiga jimgina, so‘zsiz va biror izoh bermay qarab turadigan mas’ul tashkilotlar ko‘p. Jabrini kelajak avlod tortishi, (darvoqe, bu yilgi anomal issiq kuzatilishida nafaqat, daraxtlarning ommaviy qirg‘in qilinishi, yana tabiatga mutlaqo foydasiz yelim idishlarning ko‘paygani ham sababchi, aslida) bizdan ozoda va so‘lim yurt qolmasligi esa achinarli.
Charos Nizomiddinova
Izoh (0)