Suvaysh kanalida 1-iyul kuni neft kemasi cho‘kib ketdi. Ekipajning kamida 4 a’zosi halok bo‘lib, yana 4 nafari bedarak yo‘qoldi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Misr hukumatiga ko‘ra, Adam Marine 12 kemasi Suvaysh kanalidagi “Gebel al-Zeit” neft qazib olish hududida cho‘kib ketganini ma’lum qilgan. Hodisa oqibatida 22 kishi jarohatlangan. Jabrlanganlarning 4 nafari samolyotda shifoxonaga yetkazilgan, yana 18 nafari tez yordam mashinasida olib ketilgan.
Neft vazirligi vaziyatni yaqindan baholayotgani hamda hududdagi tegishli organlar va kompaniyalar bilan birga ishlayotganini ta’kidlagan. Hodisa sabablari o‘rganilmoqda. Mehnat vaziri Muhammad Jibran va Qizil dengiz gubernatori Amr Hanafiy 2-iyul kuni “Al-Guna” kasalxonasiga omon qolganlar holidan xabar olish uchun borgan. Hanafiyning aytishicha, Misr dengiz flotining kemalari bedarak yo‘qolgan ekipaj a’zolarini qidirish va qutqarish ishlariga qo‘shilgan.

“Gebel al-Zeit” Misrning yirik neft qazib olish nuqtasi bo‘lib, Suvaysh kanalidan taxminan 300 kilometr janubda joylashgan.
Izoh (0)