Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatini nihoyat to‘liq tomosha qilish mumkin! Turnir “Oklend”, “Ulsan”, “Sietl” kabi jamoalardan xalos bo‘ldi. Endi faqat eng kuchli va qiziqarli jamoalar maydonda qolgan.
Guruh bosqichidan chiqib ketgan jamoalarga nisbatan hech qanday salbiy munosabat yo‘q. Ammo pley-offgacha bo‘lgan o‘yinlar haddan tashqari ko‘p edi. Ularning aksariyati tomosha qilish uchun juda noqulay vaqtda boshlanardi. Ustiga ustak, bo‘sh tribunalar... Xullas, bularning barchasi ortda qoldi. Futbol muxlislarini esa chin dildan tabriklash mumkin.
Endi uyqu bilan kurashadigan o‘yinlar davri boshlandi. 1/8 final ortda qoldi va u kutilmagan natijalarni taqdim etdi. Ko‘plab noodatiy jamoalar guruh bosqichidan keyin musobaqani tark etdi, biroq rang-baranglik saqlanib qoldi. Eng muhimi, pley-offga kelib, bu musobaqa Chempionlar Ligasiga aylanib ketmadi — o‘z mohiyatini saqlab qoldi. Yevropa jamoalariga boshqa mintaqalardan kelgan klublar juda yaxshi raqobat ko‘rsatmoqda.
Xabi Alonsoning transformatsiyasi
Xabi Alonso “Real”da xuddi charx oldida turgan kulolga o‘xshab ko‘rinmoqda. U asta-sekin yangi jamoani shakllantiryapti. Hozircha hammasi ko‘ngildagidek kechayotgani yo‘q, ammo yangi g‘oyalar ko‘p va yangi futbolchilar jamoaga qo‘shilib ketishi uchun biroz vaqt kerak, lekin yangi “Real”ning qiyofasi asta-sekin shakllanmoqda.
So‘nggi bir-ikki yil davomida Madridda Tchuameni haqida savol dolzarb bo‘lib turibdi: u tayanch yarim himoyachisimi yoki markaziy himoyachi? U yarim himoyachi sifatida xarid qilingan edi, ammo keyinchalik Karlo Anchelotti uni mudofaa markaziga o‘tkazdi. Bu dastlab vaqtincha yechim edi, keyin esa doimiy variantga aylandi.
-u5_Cf9ns.avif)
Alonso Tchuamenining barcha fazilatlarini uyg‘unlashtirmoqchi. U Xabi tizimida bir vaqtning o‘zida ham yarim himoyachi, ham himoyachi sifatida harakat qilmoqda. Yangi “Real” juda o‘zgaruvchan taktikalarga ega bo‘lib, unda gibrid o‘yinchilar muhim rol o‘ynaydi. Tchuameni bu tizimdagi asosiy universal futbolchi hisoblanadi.
Gyuler va Valverdening roli ham o‘zgarib turadi. Anchelotti davrida Arda ko‘proq o‘ng qanotda o‘ynagan bo‘lsa, Alonso uni markazga joylashtirdi. Valverde ham markazda joylashib, o‘yinni boshqarishda katta vakolatga ega. Anchelotti vaqtida u bu darajada muhim rol o‘ynamagan. Hozir esa deyarli barcha hujumlar aynan u orqali boshlanmoqda.
Agar “Real” markazga yana bir yarim himoyachi olib kelsa, Gyuler va Valverdening funksiyasi o‘zgarishi mumkin. “Shtutgart”dan Shtiller Madridga olib kelinishi haqida xabarlar bor edi, ammo u hali jamoaga kelgani yo‘q. Balki boshqa variant tanlanar. Trent Aleksandr-Arnolddan o‘yinni boshlovchi sifatida foydalanish mumkin, lekin bu ham hozircha faqat eksperiment tarzida ishlatilmoqda.

Hyoysenning muvaffaqiyatli debyuti, yosh Gonsalo Garsiyaning gollari, bir necha mavsumdan beri tanish futbolchilarning yangi rollari — bularning barchasi “Real”ni qiziq va mavhum jamoaga aylantirmoqda. U qanday o‘zgaradi, qanday natijalar beradi, buni vaqt ko‘rsatadi. Chunki Alonso kelganidan so‘ng o‘tgan mavsum to‘purari — Kilian Mbappening to‘liq o‘yiniga guvoh bo‘lmadik. U gastroenteritdan tiklanib, pley-offda “Yuventus”ga qarshi o‘yinning ikkinchi bo‘limida klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida debyut qildi.
“Al-Hilol”ning siri nimada?
Simone Inzagi “Al-Hilol”ga kelishi bilan tarix yozmoqda. Atigi bir oy oldin u “Inter” bilan Chempionlar Ligasi finalida qatnashgan edi. Endi esa “Real” bilan durang, guruhdan chiqish va “Manchester Siti”ni 4:3 hisobida mag‘lub etish — bu haqiqiy sensatsiya.
“Al-Hilol” prezidenti Fahad bin Nafel “Siti” ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng tribunada ko‘z yoshlarini yashira olmadi. Bu o‘yin prinsipial ahamiyatga ega edi, chunki “Al-Hilol” Saudiya Arabistoni jamoasi, “Siti” esa BAA shayxlariga tegishli. Demak, bu G‘arbiy Osiyo derbisi edi.
Inzagi jamoani tubdan o‘zgartirdi, deyish qiyin. Bunga vaqt yetmasdi. Bu yerda Jorje Jezushning poydevori katta rol o‘ynadi. U Yevropa darajasidagi jamoani shakllantirgan edi. Ammo kuchli futbolchilarni sotib olishning o‘zi kifoya emas — jamoa sifatida shakllantirish ham talab etiladi. Jezush bunga erishgan.
-z3CVKYxP.avif)
Ehtimol, yangi mavsumda “Al-Hilol” va Jezush yana to‘qnash keladi — portugaliyalik murabbiy “An-Nassr”ni boshqarishi kutilmoqda. Balki Ronaldu nihoyat Yaqin Sharqda sovrin yutishga muvaffaq bo‘lar
Inzagining navbatdagi sinovi — chorak finaldagi “Fluminense”ga qarshi bahs. U juda kuchli jamoa, lekin “Real” va “Siti”dan keyin “Al-Hilol” uchun bu o‘yin u qadar katta xavf tug‘dirmasa kerak. Endi ular hech narsadan qo‘rqmaydi. Agar “Fluminense” mag‘lub tilsa, yarim finalda “Palmeyras” – “Chelsi” uchrashuvi g‘olibi kutib turibdi.
-CA4rR063.avif)
“Al-Hilol” allaqachon katta yutuqqa erishdi. Ammo bu voqealar rivojlanishi natijani yanada ulkan qilishi mumkin. Inzagi top-jamoalarga qarshi qanday o‘ynashni yaxshi biladi.
Cho‘kayotgan “Inter”
Simone Inzagi chorak finalda sobiq jamoasi “Inter” bilan to‘qnash kelishi mumkin edi, ammo bunday bo‘lmadi. “Inter” allaqachon musobaqani tark etdi. Bu klub uchun og‘riqli bo‘ldi. Ammo bu muammo emas — asosiy muammo jamoaning umumiy holatidadir.
Kristian Kivu jamoani boshqaryapti, ammo barcha muammolar uning atrofida to‘plangan. Inzagi ketganidan keyin jamoa yoshartirilmadi. “Inter” A Seriya va Yevropa Chempionlar Ligasi finaliga katta qiyinchilik bilan yetib keldi. Endi esa Jahon chempionatida ishtirok etdi. Uzoq muddatli zo‘riqish jamoani holdan toydirdi.
-vEyMQ5Gz.avif)
Ha, bu turnir klubga yaxshi daromad keltirdi. Ammo jismoniy va ruhiy charchoq mukofot pulidan ham muhimroq. Endi esa jamoani qayta qurish kerak. Tayanch yarim himoyachi — Petar Suchich (“Dinamo Zagreb”) va qanot hujumchisi — Luis Enrike (“Marsel”) olib kelindi, hujumchi — Anje-Yoan Bonni (“Parma”) transferi esa kutilmoqda.
Ammo bu futbolchilar tarkibga to‘liq singdirilishi lozim. Yana yangi futbolchilar kerak bo‘ladi. Ayniqsa, yetakchi rol uchun. Hoqon Chalhano‘g‘lu turnirda ishtirok etmadi. Uni “Galatasaroy” o‘z tarkibida ko‘rishni istayapti. U “Inter”ning eng muhim o‘yinchilaridan biri edi.
Agar Chalhano‘g‘lu ketadigan bo‘lsa, klub katta daromad oladi. Ammo uning o‘rnini kim to‘ldiradi? Yangi o‘yinchi qancha vaqt moslashadi? A Seriya starti esa yaqin.
-3yZd34ji.avif)
Bu jarayonlarning barchasini Kivu boshqaradi. Uning bu muammolarda aybi yo‘q, ammo ularni hal etish aynan uning zimmasiga tushgan.
Turnirdagi eng yaxshi braziliyalik
Vinisius o‘zgaruvchan “Real”da o‘zi o‘rnini izlash bilan band. “Palmeyras”dagi yosh Estevao porlamoqda. Savinyo, Markinyos va Malkom ham yaxshi o‘yin namoyish etishmoqda.
Ammo eng zo‘r braziliyalik — Tiago Silva. U “Fluminense”ning tayanchi, jamoaning ustuni. Jamoa musobaqa davomida mag‘lub bo‘lmadi va to‘rtta o‘yinda atigi ikkita gol o‘tkazib yubordi.

Jamoaning eng keksa o‘yinchisi — darvozabon Fabio. U 44 yoshda! Tiago Silva esa “atigi” 40 yoshda. Ammo u hali ham maydonda harakatda, o‘yinlar darajasini belgilab bermoqda.
Silva mudofaani mahorat bilan boshqarib turibdi. U ikki yoki uch markaziy himoyachi sxemasida ham yaxshi o‘ynay oladi. “Fluminense” “Inter”ni yengib, chorak finalga chiqdi. Silva o‘sha o‘yinda ham ajoyib harakat qildi. Bu ehtimol uning “Milan”dagi faoliyatidan meros bo‘lib qolgandir.
Silva 25 yoshida “Milan”da futbolchisi edi. Hozir esa 40 yoshda. U endi avvalgidek tezkor emas, lekin tajribasi, intellekti bilan kamchiliklarini to‘ldira olayotgani tahsinga sazovor.
“Chelsi” o‘z darajasiga qaytmoqda
So‘nggi yillardagi beqarorlikdan so‘ng “Chelsi” o‘z mavqeyini tiklamoqda. Endi klub doimiy kulgi obyekti bo‘lishi kerak emas. Tod Boulining “4-4-3” sxemasi, 38 nafar darvozabon, “Brayton”ning deyarli barcha futbolchilarini sotib olish, murabbiylar almashinuvi — bularning bari ortda qolmoqda.
Hozircha Enso Mareska a’lo darajada ishlayapti. U jamoani Chempionlar Ligasiga qaytardi, Konferensiyalar Ligasida esa g‘olib chiqdi. Bu g‘alabani ortiqcha baholamaslik kerak, ammo jamoa Yevropaning 3-darajali turnirida muvaffaqiyatsiz ishtirok etganida tanqidlar yanada ko‘p bo‘lardi.
-0pBJjxgy.avif)
Mareskani chorak finalda “Palmeyras” bilan bahs kutmoqda. “Chelsi” finalga chiqmaguncha Yevropa klubi bilan o‘ynamaydi. Bu esa jamoa uchun imkoniyat, lekin finalga chiqish kafolatlanmagan. “Bavariya”, PSJ va “Real” singari gigant jamoalar bo‘lgan tomonda “Chelsi”dan nimadir kutish qiyinroq bo‘lardi.
“Palmeyras” bilan chorak final, undan so‘ng “Fluminense” yoki “Al-Hilol” bilan yarim final — bu bosqichlar jamoaning imkoniyatlarini oshiradi. Opta nashrining baholashicha “Chelsi” turnirning asosiy favoriti. Endi esa kuzatamiz: “aristokratlar” bu ishonchga qanday javob qaytara oladi?
Izoh (0)