2025-yilning birinchi yarmida elektromobillar savdosi 28 foizga oshib, 9,1 million donaga yetdi. Bu haqda Britaniyaning Rho Motion tadqiqot kompaniyasiga tayanib, Anadolu agentligi ma’lum qildi.

Mazkur yo‘nalishda Xitoy o‘z yetakchiligini qo‘ldan boy bermayapti. Joriy yilning birinchi olti oyligida dunyo bo‘ylab sotilgan barcha elektromobillarning asosiy qismi, aniqroq aytganda, 5,5 million mashina aynan ushbu mamlakat hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Xitoyda elektromobillar savdosi o‘tgan yilga nisbatan 32 foizga oshgan. Ekspertlar bu ko‘rsatkich yilning ikkinchi yarmida ham yuqoriligicha qolishini prognoz qilmoqda. Yevropada ham 26 foiz o‘sish kuzatilib, 2 million donaga yaqin mashina sotilgan. Biroq Shimoliy Amerikada bozor 3 foizga pastlab, 900 ming elektromobil yangi egalariga yetkazilgan.
Qolgan mintaqalarda ham elektromobil savdosi 40 foizga oshib, 700 ming donaga yetdi. Umuman olganda, mazkur bozor global miqyosda barqaror o‘sishda davom etyapti.
Izoh (0)