Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) dunyo mamlakatlarini 2035-yilgacha tamaki, alkogol va shirin ichimliklarning haqiqiy narxlarini kamida 50 foizga ko‘tarishga da’vat etmoqda. Bu haqda tashkilot veb-saytida e’lon qilingan bayonotda aytilgan.

Foto: Getty Images
“Bugun JSST yangi yirik tashabbus bilan chiqdi. U mamlakatlarni surunkali kasalliklarga qarshi kurashish va davlatning hayotiy muhim daromadlarini ta’minlash maqsadida sog‘liqni saqlash soliqlari orqali 2035 yilgacha tamaki, alkogol va shirin ichimliklarning haqiqiy narxlarini kamida 50 foizga oshirishga undamoqda”, deya ta’kidlangan hujjatda.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, tamaki, spirtli ichimliklar va shirin ichimliklarni iste’mol qilish yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, xususan yurak kasalliklari, saraton va qandli diabet epidemiyasini kuchaytirmoqda. Bu kasalliklar dunyodagi barcha o‘limlarning 75 foizdan ortig‘ini tashkil etadi.
“Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, ushbu mahsulotlar narxini bir martalik 50 foizga oshirish orqali kelgusi 50 yil ichida 50 million erta o‘limning oldini olish mumkin”, deya ta’kidlaydi tashkilot.
Qo‘shimcha qilinishicha, 2012-yildan 2022-yilgacha bo‘lgan davrda 140 ga yaqin mamlakatda tamakiga soliqlar oshirilgan. Bu esa haqiqiy narxlarning o‘rtacha 50 foizdan ko‘proqqa ko‘tarilishiga olib kelgan.
“Bu keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshishi mumkinligini ko‘rsatadi”, deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, Kolumbiyadan Janubiy Afrikagacha bo‘lgan turli mamlakatlar hukumatlari zararli mahsulotlarga yuqori soliqlar qo‘yish orqali ularning iste’molini kamaytirish va byudjet daromadlarini oshirish mumkinligiga ishonch hosil qilishdi. Shunga qaramay, ko‘plab mamlakatlarda bunday mahsulotlar, jumladan tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun soliq imtiyozlari saqlanib qolmoqda. Aholi salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha milliy maqsadlarga erishishga sanoat bilan tuzilgan uzoq muddatli investitsiya kelishuvlari ham xalaqit berishi mumkin, chunki ular tamaki soliqlarini oshirishga to‘sqinlik qiladi.
“Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti hukumatlarga tamakiga qarshi samarali kurashish va aholi salomatligini himoya qilishni qo‘llab-quvvatlash uchun bunday imtiyozli rejimlarni qayta ko‘rib chiqishni va kelajakda ularni qo‘llamaslikni tavsiya etadi”, deyiladi hujjatda.
Bundan avval Gretsiyada voyaga yetmaganlarni tamaki sotib olishga yuborganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)