Ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkent shahrida vaqtinchalik ro‘yxatda turganlar maktabga qabul qilinmayapti” sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi holat yuzasidan tushuntirish berdi.

Unda aytilishicha, ayni vaqtda 1-sinfga qabul bo‘yicha elektron platformalar Ichki ishlar vazirligining “Yashash manzil reyestri” va Adliya vazirligining tegishli elektron tizimlariga integratsiya qilingan hamda shu asosda maktabga biriktirilgan mikrohududda doimiy yashovchi fuqarolarning farzandlari maktabga qabul qilinmoqda.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, o‘quvchilarni maktabga xavfsiz qatnashi uchun ularni yashash manzilidagi maktabga birinchi navbatda qabul qilish, boshqa hududdagi maktablarga qatnashda bolalarning xavfsizligini ta’minlash va tirbandliklarni oldini olishdan iborat.
Keltirilishicha, 1-avgustdan boshlab mikrohududdan tashqari qabul doirasida, shu jumladan vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘yilgan fuqarolarning farzandlari ham maktabga qabul qilinadi.
“Hurmatli ota-onalar!
Vaqtinchalik ro‘yxatda turgan fuqarolarning farzandlarini maktabga qabul qilishda cheklovlar mavjud emas.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, maktab yoshiga yetgan har bir bolaning bilim olish huquqi kafolatlanadi va hech bir bola ta’limga jalb etilmasdan — maktabga joylashmasdan qolmaydi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ushbu qonuniy talablardan kelib chiqqan holda, bolalarning bilim olish va maktabga jalb etishda birdek mas’ul va manfaatdordir.
Ota-onalardan farzandlarini joriy yil 31-iyulga qadar doimiy yashash manzili bo‘yicha maktabga joylashtirishlarini so‘ragan holda, 1-avgustdan e’tiboran mikrohududdan tashqari maktablarga berish imkoniyati borligini eslatib o‘tamiz.
Ma’lumot uchun: joriy o‘quv yilida 738 ming nafar bola birinchi sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinfiga 512 ming nafardan ortiq bola qabul qilindi”, deyiladi munosabatda.
O‘zbekistonda 20252/26-o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul 20-iyundan boshlangan.
Reglamentga muvofiq, 1-sinfga qabul jarayonlari 2 bosqichda amalga oshiriladi:
- 1-Bosqich: 20-iyundan 31-iyulgacha mikrohudud doirasida,
- 2-Bosqich: 1-avgustdan 15-avgustgacha mikrohududdan tashqarida.
1-sinfga qabul jarayonlari quyidagi tuman (shaharlarda) elektron shaklda davlat xizmatlari orqali amalga oshiriladi. Bunda ota-onalar 20-iyundan boshlab my.maktab.uz elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tib, ariza topshirishlari mumkin.
Davlat xizmatlari ko‘rsatilmaydigan hududlarda 1-sinfga qabul qilingan o‘quvchilar vazirlik elektron tizimi (adm.maktab.uz) ga kiritiladi. “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda maktabga qabul qilinadi. Bu yil 1-sinfga 2018-yilning 31-dekabriga qadar tug‘ilgan bolalar qabul qilinadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining tegishli buyrug‘i bilan O‘zbekistonda ta’lim sifati past bo‘lgan maktablar ro‘yxati tasdiqlandi.
2025/26-o‘quv yili uchun ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatiga 470 ta maktab kiritildi. Bunday maktablarning eng ko‘pi — 99 tasi Qashqadaryo viloyatida joylashgan.
Qolgan hududlarda ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar soni quyidagicha:
- Samarqand viloyatida — 86 ta;
- Surxondaryo viloyatida — 70 ta;
- Jizzax viloyatida — 36 ta;
- Namangan viloyatida — 34 ta;
- Sirdaryo viloyatida — 32 ta;
- Farg‘ona viloyatida — 29 ta;
- Qoraqalpog‘istonda — 24 ta;
- Andijon viloyatida — 23 ta;
- Navoiy viloyatida — 16 ta;
- Xorazm viloyatida — 9 ta;
- Buxoro viloyatida — 5 ta.
“Xalq ta’limi info” portali ma’lumotlarida keltirilishicha, 2023-yilda shunday maktablar ro‘yxatda 642 ta, 2024-yilda 545 ta edi. Bu yil ta’lim sifati past bo‘lgan maktablar soni 75 taga qisqargan.
Ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarga boshqa hududlardan jalb etilgan o‘qituvchilarga ustama to‘lanadi.
Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar — Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda shakllantiriladigan ro‘yxatga kiritilgan umumta’lim maktablaridir. Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatini shakllantirish mezonlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va inspeksiya tomonidan ishlab chiqiladi hamda tasdiqlanadi. Bunda maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish natijalari, maktabning reytingi, “Zamonaviy maktablar”ga qo‘yilgan talablar asosida baholash natijalari inobatga olinadi.
Izoh (0)