“Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida axborot texnologiyalari yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Toshkent shahridagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab axborot texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha tayanch maktab etib belgilandi. Termiz shahar ixtisoslashtirilgan maktabi va Guliston shahar 2-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning filiallari sifatida qayta tashkil etiladi.
Tayanch maktab va filiallarga rahbar kadrlar ikki bosqichli (saralash va suhbat), pedagog kadrlar uch bosqichli (saralash, test sinovi, suhbat) tanlov asosida ishga qabul qilinadi. Filiallarga o‘quvchilar tayanch maktab uchun belgilangan tartib asosida saralab olinadi. Bir sinfda o‘quvchilarning eng ko‘p soni 24 nafardan oshmasligini hisobga olgan holda, qabul parametrlari Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan belgilanadi.
Maktabgacha va maktab ta’limiz vazirligi 2025-yil 1-avgustga qadar tayanch maktab hamda filiallar uchun lavozimlar va shtat birliklarining namunaviy shtat jadvalini tasdiqlashi lozim. Matematika, informatika va axborot texnologiyalari, robototexnika fanlari qo‘shimcha o‘quv dasturlari asosida o‘qitilishi ta’minlanadi
Filallarning qurilish ishlari tayanch maktabning sharoitidan kam bo‘lmagan yagona yondashuv asosida 2025-yilda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari tomonidan agentlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Filiallar zamonaviy talablarga muvofiq plastik qoplamali (HPL panel) sinf stoli, plastik qoplamali egri yelimlangan fanerali sinf stullari bilan jihozlanadi. Filiallarda o‘quvchilar uchun autsorsing asosida belgilangan tartibda bepul sog‘lom ovqatlantirish tashkil etiladi.
Prezidentning 2024-yil aprel oyidagi farmonida 13 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internat negizida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning filiallarini tashkil etish takliflari ma’qullangan.
Izoh (0)