Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatining 1-tur uchrashuvlari davom etmoqda. 16-iyundan 17-iyunga o‘tar kechasi yana uchta bahs bo‘lib o‘tdi.

Dastlab D guruhi ishtirokchisi “Chelsi” jamoasi “Los-Anjeles”ga qarshi maydonga tushdi va 2:0 hisobida ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. O‘yindagi hisob 34-daqiqada Pedro Netu tomonidan ochildi, 79-daqiqada esa Enso Fernandesh natijani 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.
Mazkur hisob o‘yin yakunigacha saqlanib qoldi va London klubi ilk turda o‘z hisobiga 3 ochko yozib qo‘ydi.
D guruhi doirasidagi ikkinchi bahs Braziliyaning “Flamengo” hamda Tunisning “Esperans” jamoalari o‘rtasida kechdi. Ushbu bellashuvda braziliyaliklar 2:0 hisobida zafar quchdi. Gollarga Jorjian de Arraskayeta va Luis Arauxo mualliflik qildi.

Shu tariqa, D guruhidagi har ikki bahsda ham 2:0 hisobi qayd etildi. Ilk turdan so‘ng “Chelsi” va “Flamengo” guruhda yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, “Esperans” hamda “Los-Anjeles” keyingi pog‘onalarni egallab turibdi.
Shuningdek, C guruhida o‘tkazilgan “Boka Xuniors” va “Benfika” o‘rtasidagi bellashuv ham juda qizg‘in kechdi. Avvaliga Argentina klubi 2:0 hisobida oldinga chiqdi, biroq “Benfika” kichik qaytishni amalga oshirib, o‘yin yakuniga qadar hisobni 2:2 ko‘rinishiga keltira oldi.

1-turdan keyin mazkur guruhda “Bavariya” 3 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. “Boka” va “Benfika” mos ravishda ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan. Ilk turda 0:10 hisobida yirik mag‘lubiyatga uchragan “Oklend Siti” esa guruhda so‘nggi o‘rinda bormoqda.
Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati
1-tur
D guruhi
“Chelsi” — “Los-Anjeles” 2:0
Gollar: 1:0 — Pedro (34), 2:0 — Enso (79).
“Flamengo” — “Esperans” 2:0
Gollar: 1:0 — Arraskayeta (17), 2:0 — Arauxo (70).
C guruhi
“Boka Xuniors” — “Benfika” 2:2
Gollar: 1:0 — Migel (21), 2:0 — Rodrigo (27), 2:1 — Di Mariya (45+3), 2:2 — Otamendi (84)
Chetlatish: Errera (45, “Boka”), Figal (88, “Boka”), Belotti (72, “Benfika”).
Izoh (0)