AQSH prezidenti Donald Tramp Isroilning Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyni o‘ldirish rejasini rad etdi. Bu haqda AQSH rasmiylariga tayanib BBC xabar berdi.

Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga Xomanaiyga suiqasd qilish “yaxshi g‘oya emasligi”ni aytgan. Prezident bu yuzasidan jamoatchilikka izoh bermagan. Bu suhbat 13-iyun kuni Isroil Eronga hujum boshlaganidan beri davom etayotgani aytilmoqda. Netanyaxu Tramp Oyatullohni o‘ldirish rejasiga veto qo‘ygani haqidagi xabarni to‘g‘ridan to‘g‘ri tasdiqlamagan.
“Bo‘lmagan suhbatlar haqida juda ko‘p yolg‘on xabarlar bor va men bu haqda gapirmoqchi emasman. Lekin sizga shuni aytishim mumkinki, biz qilishimiz kerak bo‘lgan ishni qilamiz. O‘ylaymanki, Qo‘shma Shtatlar Amerika uchun nima foydali ekanligini biladi va men bunga aralashmoqchi emasman”, dedi Isroil bosh vaziri.
Isroil dastlab 13-iyun kuni Eron yadroviy infratuzilmasi va boshqa nishonlarga hujum uyushtirgan. Ikki davlat o‘shandan beri bir-biriga ommaviy zarbalar berishda davom etmoqda.
“Eron va Isroil kelishuvga erishishi kerak. Xuddi men Hindiston va Pokistonga qilganimdek”, dedi Tramp Truth Social’da.
Tramp Kanadada bo‘lib o‘tadigan G7 sammitiga jo‘nab ketishidan oldin jurnalistlar bilan suhbatda AQSH Isroilni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini aytgan. U mamlakatga Eronga zarba berishni to‘xtatishni aytgan yoki aytmagani haqida so‘ralganda javob berishdan bosh tortgan.
AQSH va Eron o‘rtasidagi yadroviy muzokaralarning navbatdagi raundi 15-iyun kuni bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biroq vositachi Ummon tashqi ishlar vaziri Badr Albusaydiy bir kun avval muzokaralar bekor qilinganini ma’lum qilgan.
Izoh (0)