“Mamlakatimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalar uchun beriladigan imtiyozlar joriy etiladigan iqtisodiyot tarmoqlari ro‘yxatiga “qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish” yo‘nalishi ham kiritiladi.
Amalda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalar uchun beriladigan imtiyozlar joriy etiladigan iqtisodiyot tarmoqlari ro‘yxatiga quyidagilar kiritilgandi:
1. Radioelektron sanoati buyumlari hamda kompyuter va hisoblash texnikasi butlovchi buyumlarini ishlab chiqarish.
2. Yengil sanoat:
- tayyor ip gazlama va jun gazlamalar ishlab chiqarish;
- tayyor tikuvchilik, trikotaj, paypoq mahsulotlari va to‘qimachilik galantereyasi ishlab chiqarish;
- terini qayta ishlash;
- poyabzal, tayyor ko‘n-galantereya buyumlari ishlab chiqarish.
3. Ipakchilik sanoati:
- shoyi gazlamalar va ipakdan tayyor buyumlar ishlab chiqarish.
4. Qurilish materiallari sanoati:
- Prezidentning 2005-yil 24-martdagi PF-3586-sonli farmoni 1a-ilovasida ko‘rsatilgan qurilish materiallarining yangi turlarini ishlab chiqarish.
5. Parranda go‘shti va tuxumni sanoat miqyosida yetishtirish.
6. Oziq-ovqat sanoati:
- mahalliy xomashyodan sanoat miqyosida qayta ishlangan tayyor oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish (alkogolli, alkogolsiz ichimliklar va tamaki mahsulotlari bundan mustasno).
7. Go‘sht-sut sanoati:
- go‘sht va sut mahsulotlarining tayyor turlari, pishloq va sariyog‘ ishlab chiqarish.
8. Kimyo-farmatsevtika sanoati:
- dori-darmon vositalari ishlab chiqarish;
- sintetik kir yuvish vositalari, maishiy kimyo tovarlari ishlab chiqarish.
Qishloq xo‘jaligi korxonalariga, shu jumladan, fermer va dehqon xo‘jaliklariga chorvachilik sohasiga ozuqabop ekinlarni yetishtirish uchun 6 oy muddatda qaytarish sharti bilan har bir gektariga 15 million so‘mgacha Markaziy bankning asosiy stavkasidan yuqori bo‘lmagan stavkada (shundan 2 foizi bank marjasi) imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishi belgilandi.
Farmonga ko‘ra, Soliq kodeksida belgilangan alohida soliqlar bo‘yicha imtiyozlar ko‘rsatib o‘tilgan korxonalarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatining 1—3 toifadagi tuman va shaharlaridan tashqari respublikaning barcha shaharlari va aholi yashash joylarida joylashtirishda qo‘llanilishi belgilandi.
Prezident farmonida qayd etilishicha, yuqoridagi o‘zgarishlar investitsiya muhitini yanada yaxshilash, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, shuningdek, xorijiy investorlar uchun ishonchli huquqiy himoya va kafolatlarni ta’minlash maqsadida qaror qilindi.
Izoh (0)