Ukraina armiyasi qarshi hujumga o‘tib, Donetsk viloyatidagi uchta qishloqni Rossiya harbiylaridan “tozaladi”. Bu haqda Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy xabar berdi.

Bosh qo‘mondon Pokrovskiy yo‘nalishida bo‘lib o‘tgan janglar haqida ma’lumot berdi.
Men hozir jang maydonlarida faoliyat olib boryapman. Pokrovskiy yo‘nalishi — eng qiyin joylardan biri. Bu yerda Ukraina mustaqilligi va bayrog‘ini himoya qilish shunchaki balandparvoz so‘zlar emas, balki kundalik xavf va qahramonlikdir, dedi bosh qo‘mondon.
U qo‘shinlar qarshi hujumga muvaffaqiyatli o‘tib, Donesk viloyatidagi Mixaylovka, Zeleniy Gay va Vladimirovka qishloqlarini nazoratga olganini aytdi. Sirskiy Pokrovsk mudofaasini uzoq vaqt davomida ushlab turgan askarlar bilan uchrashib, ularni matonati, jasorati va namunali xizmatlari uchun mukofotlagan.

Shuningdek, bosh qo‘mondon Pokrovskiy yo‘nalishida jang olib borayotgan bo‘linmalar shtabida bo‘lib, korpus va brigada qo‘mondonlarining hisobotlarini eshitgan.
Vaziyat haqiqatan ham murakkab, dushman o‘zining asosiy kuchlarini frontning ushbu qismiga jamlagan. Ammo biz pozitsiyani saqlab qolishimiz kerak. Jang harakatlarini tashkil etishda yordam ko‘rsatiladi. Qo‘shimcha o‘q-dorilar, dronlar va radioelektron kurash vositalari masalasi hal etildi, deya ta’kidlagan u.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 24-avgust kuni Donbassda “yaxshi syurprizlar” tayyorlanganini aytgandi.
Donbassda juda ijobiy natijalarga erishdik. Ruslar uchun yaxshi syurprizlar bor. Batafsil ma’lumotni keyinroq bosh qo‘mondon e’lon qiladi, deb o‘ylayman, degan edi siyosatchi.
Pokrovsk yo‘nalishidan janglar
- 12-avgust kuni Milliy gvardiyaning “Azov” korpusi jangchilari Pokrovskiy yo‘nalishida mudofaa chizig‘ini egallagani ma’lum qilindi. Bosh shtab esa zaxiradagi kuchlar dushmanning oldinga siljishini to‘xtatish uchun choralar ko‘rayotganini bildirdi.
- 15-avgust kuni prezident Vladimir Zelenskiy mudofaa kuchlari Pokrovskiy yo‘nalishida muvaffaqiyatga erishganini e’lon qildi. Siyosatchi Donetsk viloyatida barcha yo‘nalishlarni mustahkamlash bo‘yicha qaror qabul qilganini aytdi.
- 18-avgust kuni Bosh shtab Pokrovsk shahridagi oxirgi paytlarda guruhlar tarkibida yoki yakka tartibda bostirib kirgan rus harbiylari tozalanganini ta’kidladi.
Izoh (0)