“Real Madrid” hujumchisi Rodrigo Goes yozgi transfer oynasi yakunlanishi oldidan “qirollik klubi”ni tark etishi mumkin. Marca nashri xabariga ko‘ra, madridliklar Angliya Premyer Ligasining uchta grandi — “Arsenal”, “Liverpul” va “Manchester Siti”dan braziliyalik vinger bo‘yicha taklif kutmoqda.

24 yoshli futbolchi bosh murabbiy Xabi Alonso qo‘l ostidagi jamoaning asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotgani aytilmoqda. Klub rahbariyati esa 1-sentabrga qadar futbolchi uchun tushadigan jiddiy takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor.
Hujumchi Ispaniya La Ligasining dastlabki turida maydonga tushmadi, ammo ikkichi turdagi “Ovyedo”ga qarshi uchrashuvda unga 63 daqiqa imkoniyat berildi. Shunday bo‘lsa-da, ispan nashrlari u sentyabrga qadar jamoasini almashtirishini taxmin qilmoqda.
Avvalroq futbolchining agenti Londonga uchib ketgani va u yerda “Arsenal” hamda “Liverpul” rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazishi aytilgandi. Shuningdek, Londonning “Tottenhem” klubi ham braziliyalik vingerning xizmatlariga qiziqish bildirayotgani xabar qilingandi.
Ma’lumot uchun, Rodrigo 2019-yilda “Santos”dan “Real Madrid”ga 45 million yevro evaziga kelib qo‘shilgan. Oradan besh yil o‘tib, u “qaymoqranglilar” safida 270 ta o‘yin o‘tkazib, o‘z hisobiga 68 ta gol yozdirib qo‘ygan. Shuningdek, futbolchi uch marta La Liga chempioni bo‘ldi va ikki marta Yevropa Chempionlar Ligasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Transfermarkt portali Rodrigoning qiymatini 90 million yevroga baholamoqda. Uning Madrid klubi bilan shartnomasi 2028-yilning yoziga qadar amal qiladi.
Izoh (0)