Markaziy Osiyoda yangi o‘quv yili boshlanishi doimo ota-onalar uchun “Bolam qayerda o‘qiydi?” degan savolni keltirib chiqaradi. Ilgari tanlov asosan uyga yaqin davlat maktabi bilan cheklangan. Endilikda esa ko‘proq oilalar xususiy ta’limni afzal ko‘rmoqda.
Bunga bir nechta sabab bor: xususiy maktablarda sinflar kichikroq, tartib-intizom kuchliroq, xavfsizlik va individual yondashuv esa yuqoriroq darajada ta’minlanadi. Bunday muassasalarda ta’lim jarayoni faqat dars bilan cheklanmaydi, balki bolalar uchun “to‘liq kunlik dastur” tashkil etiladi: mashg‘ulotlar, uy vazifalarini bajarish, turli to‘garaklarga qatnashish shular jumlasidandir. “Akchabar” nashri Markaziy Osiyo davlatlaridagi xususiy maktablarning narxi haqida ma’lumot berdi.

Ba’zi xususiy maktablar robototexnika, qo‘shimcha xorijiy tillar, sport, IT hamda bugungi kunda talab yuqori bo‘lgan SMM kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratmoqda. Agar o‘quvchi o‘zlashtirishda qiyinchilikka duch kelsa, tutor darslarga qo‘shilib, bolaning dasturni o‘zlashtirishdan chetda qolmasligiga yordam beradi. Bu ota-onalar uchun farzandi doimiy nazoratda ekanining kafolatidir. Davlat maktablarida esa bunday imkoniyat deyarli mavjud emas, chunki bir sinfda 40 nafargacha bola o‘qishi mumkin.

Qirg‘iziston: arzondan elitagacha
Qirg‘izistonda xususiy maktablarda ta’lim olish narxlari juda katta farq qiladi. Masalan, Tensai International School’da boshlang‘ich sinflarda o‘qish yiliga taxminan 5,2 ming dollar, yuqori sinflarda esa 5 ming 750 dollar turadi. Kembrij dasturi bo‘yicha o‘qish qimmatroq: erta to‘lov qilinganda 7,2 ming dollar, avgustdan keyin esa 9,6 ming dollargacha.
Bilimkana International Kids’da boshlang‘ich sinflarda bir yillik o‘qish oyiga 457 dollar, yuqori sinflarda esa taxminan 600 dollarni tashkil etadi, stipendiyalar ham mavjud. Erudit maktabi boshlang‘ich sinflarda 3,6 ming dollar, yuqori sinflarda esa 4 ming dollarlik ta’limni taklif etadi. Smart School’da bir yillik kurs 2 ming 861 dollar, Indigo Sapat’da esa 4,5 ming dollardan boshlanadi.
Qirg‘izistondagi eng qimmat maktablardan biri — BIS, u yerda ta’lim narxi yiliga 15 ming dollardan boshlanadi. Avenir International School’da esa boshlang‘ich sinf narxi oyiga 423 dollar, o‘rta sinflarda esa 480 dollar atrofida bo‘ladi.
Qozog‘iston
Qozog‘istonda, ayniqsa, Olmaota shahrida xususiy maktablar mashhur. Bayterek School’da o‘qish narxi oyiga taxminan 274 dollarni (yiliga 2466 dollar, 9 oylik ta‘limda) tashkil etadi. Koula.kz maktabida esa 443 dollar. Space School bir yillik dasturni 4 ming 908 dollarga taklif qilmoqda.
Olmaotadagi Miras xalqaro maktabi premium segmentga kiradi: boshlang‘ich sinfda o‘qish yiliga deyarli 9,6 ming dollarga tushadi, yuqori sinflarda esa 12 ming 927 dollarga yetadi. Galaxy International School’da narxlar yiliga 8 ming 319 dollardan boshlanadi.
O‘zbekiston
Mamlakatda xususiy maktablar bozori tez sur’atda rivojlanmoqda. Toshkentdagi Artel TS maktabida o‘qish uchun oyiga 358 dollar (yiliga 3200 dollardan ortiq, 9 oylik ta‘lim bo‘yicha) to‘lanishi lozim, bunda bir oilaning ikkinchi farzandiga chegirma beriladi. CIS Tashkent esa eng qimmat maktab hisoblanadi: 3-sinfda o‘qish yiliga deyarli 19 ming dollar, 9-sinfda esa 24 ming dollardan boshlanadi.
Bunga nisbatan arzonroq variant Oxbridge International School tomonidan taklif etiladi: boshlang‘ich sinflar uchun yiliga 7 660 dollar, yuqori sinflar uchun esa 9085 dollar. Wise School’da narx oyiga taxminan 437 dollarni tashkil etadi. Diplomat International School’da oylik to‘lov 628 dollarga yetadi, ammo oy boshlanishidan oldin to‘lov amalga oshirilsa, u 596 dollargacha pasayadi. Bundan tashqari, maktab bir martalik kirish badali sifatida taxminan 318 dollar undiradi.
Tojikiston
Tojikistonda aholi daromadlari bilan solishtirganda narxlar yuqori. “Bilimlar imperiyasi” maktabida yillik ta’lim narxi quyi sinflar uchun 2 362 dollardan, yuqori sinflar uchun 2 545 dollargacha. Ruyo School‘da esa dastur tiliga qarab narxlar farqlanadi: ingliz dasturi yiliga 2 ming 899 dollar, rus tilida esa 2 ming 577 dollar.
“Shaxsiyat” maktabida ham ta’lim tiliga qarab narxlar o‘zgaradi. Tojik va rus guruhlarida bir yillik o‘qish narxi 1 ming 610 dollar, ingliz guruhida esa deyarli 1 ming 933 dollar.
Ta’lim narxi va ish haqi
Ish haqi darajasi bilan taqqoslash shuni ko‘rsatadiki, mintaqadagi xususiy maktablarda o‘qish oilaning o‘rtacha daromadidan ancha qimmatga tushadi.
Qirg‘izistonda o‘rtacha ish haqi taxminan 473 dollarni tashkil etadi, o‘qishning minimal narxi esa yiliga taxminan 2,8 ming dollar. Qozog‘istonda maosh ancha yuqoriroq — 825 dollar atrofida, ammo yaxshi maktabda o‘qish ham kamida 3,3 ming dollar turadi.
O‘zbekistonda o‘rtacha daromad 476 dollar, eng arzon variantlar yiliga taxminan 3200 dollarga tushadi. Ammo top-maktablar 20 ming dollardan oshadi. Eng keskin tafovut Tojikistonda qayd etilgan: o‘rtacha ish haqi atigi 279 dollar, xususiy maktabda o‘qish esa 1,6 ming dollardan boshlanadi.
Eng qimmat maktab Toshkentda
Agar mamlakatlar bo‘yicha qaralsa, eng qimmatlari O‘zbekistonda joylashgan. Masalan, CIS Tashkent’da o‘qish yiliga 24 ming dollardan baholanadi. Shu bilan birga, eng arzon variant Tojikistonda.
Qirg‘iziston va Qozog‘istonda esa maktablar narxi ancha muvozanatli, ammo u oilaning o‘rtacha daromadidan ancha yuqori. Ota-onalar xususiy maktablarni sifat, xavfsizlik va farzandlarining kelajagi sababli tanlamoqda. Ammo bu imkoniyat hamma uchun ham ochiq emas. Ta’minlangan qatlam uchun esa bunday maktablar nafaqat ta’lim maskani, balki ijtimoiy mavqe ko‘rsatkichiga ham aylanmoqda.
Izoh (0)