Rossiya har oyda 6 mingdan ortiq Shahed dronlarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda CNN telekanali Ukraina harbiy razvedka manbasiga tayanib xabar berdi.

Rossiyada mazkur modeldagi dronlarni yig‘ish nafaqat son jihatdan ortgan, balki ishlab chiqarish xarajatlari ham keskin kamaygan. Materialga ko‘ra, 2022-yili Moskva bitta dron uchun o‘rtacha 200 ming dollar to‘lagan bo‘lsa, joriy yilga kelib bu qariyb 70 ming dollargacha tushgan. Telekanal mazkur tendensiyani Tataristondagi Alabuga zavodi keng ko‘lamli ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygani bilan izohlaydi.
Biroq dronlar Rossiya uchun qanchaga tushayotgani haqida baholar turlichadir. Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) hisob-kitobiga ko‘ra, Shahed-136 dronlarining har biri 20–50 ming dollar atrofida turadi. Taqqoslash uchun, bitta havo hujumidan mudofaa raketasi esa 1-3 million dollardan ortiqqa tushishi mumkin.
Bu kabi dronlar o‘zining arzon narxi bilan Kremlga Ukraina shaharlarini nishonga olish va buni kun sayin intensivlashtirish imkonini bermoqda. CSIS tahlilchilari urush boshida yirik masshtabli hujumlar oyiga bir marta kuzatilganiga, hozir esa ukrainaliklar bunday tahdidga har 8 kunda bir marta duch kelayotganiga diqqat qaratgan.

Shu jumladan, 21-avgust kuni Rossiya keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri eng yirik dron hujumlardan birini amalga oshirdi. Bir kechada 600 dan ortiq uchuvchisiz uchish qurilmasi hamda raketalar uchirildi. Ukraina havo mudofaa tizimlari 577 ta nishon, jumladan “Kinjal” va “Kalibr” raketalari tutib olinganini ma’lum qilgan.
Ukraina ham ortda qolmoqchi emas
OAV xabariga ko‘ra, Ukraina ham o‘zining uzoq masofali FP-1 zarbdor dronini konveyrga olgan. Shuningdek ishlab chiqarish quvvati Tataristondagi Alabuga zavodiga yaqinlashgan.
Izoh (0)