Ukraina armiyasi bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy tinchlik o‘rnatilgandan keyin ham Rossiya hujumiga tayyor turish zarurligini aytdi. Bu haqda u “RBK-Ukraina”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Hozirda urushni tugatish va kelajakda tinchlik bitimini imzolash bo‘yicha diplomatik harakatlar davom etmoqda. Jumladan, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 18-avgust kuni Oq uyda AQSH prezidenti Donald Tramp bilan muzokara olib boradi.
Kelajakdagi barcha kafolatlarga, muzokaralar jarayoniga qaramay, biz doimo urushga tayyor turishimiz kerak. Rossiya urushni davom ettirishi yoki yangi urush boshlashi mumkin. Hatto tinchlik o‘rnatilganda yoki urush vaqtincha to‘xtatilganda ham armiyamizning jangovar qobiliyatini oshirishimiz, urush tajribasidan saboq olishimiz va eng zamonaviy, qudratli armiya yaratishimiz zarur. Menimcha, dushman juda tez tiklanishi mumkin, dedi Sirskiy.
Generalning fikricha, Ukraina urush saboqlarini unutmasligi lozim, chunki xavf saqlanib qolmoqda va Rossiya butun Ukrainani bosib olish niyatidan voz kechmagan. Sirskiy “may kelishuvi” haqida ham eslatib o‘tdi.
Biz may oyidagi sulhdan qanday foydalanilganini bilamiz: dushman artilleriya va dron bo‘linmalarini oldingi chiziqlarga olib chiqdi. Bu ishni janglar kechgan paytda amalga oshirib bo‘lmas edi. Rossiya qo‘shinlarini qayta guruhlab, darhol faol hujum boshladi. Shuning uchun har qanday voqealarga tayyor bo‘lishimiz shart, dedi bosh qo‘mondon.
Sirskiy “rossiyaliklarning yana 3, 5, 10 yil urishish mumkinligi” haqidagi bayonotlariga ishonasizmi, degan savolga “Bu, menimcha, maqtanish‘” deya javob berdi.
“May kelishuvi” — Rossiya va Ukraina o‘rtasida may oyida vaqtinchalik janglarni to‘xtatish bo‘yicha tuzilgan qisqa muddatli kelishuv bo‘lgan. Ammo Sirskiyga ko‘ra, Rossiya bu vaqtni tinchlik uchun emas, balki qo‘shinlarini qayta joylashtirish va yangi hujumga tayyorlanish uchun ishlatgan. Shu sababli Ukraina har qanday sulhni ehtiyotkorlik bilan qabul qilish kerakligini ta’kidlamoqda.
Izoh (0)