Qozog‘iston qurolli kuchlari xizmat yozishmalari uchun milliy Aitu messenjeriga o‘tishni boshladi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.

Harbiylar ilgari ma’lumot almashish uchun WhatsApp va Telegram ishlatgan, biroq bu xavfsizlikka potensial tahdid solgan. Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Qozog‘iston yurisdiksiyasida faoliyat yuritadigan va axborotni saqlash hamda qayta ishlash talablariga javob beradigan Aitu messenjeri armiyaning ichki aloqalari ustidan to‘liq nazoratni ta’minlaydi.
Qurolli kuchlar 2025-yil oxirigacha bosqichma-bosqich mahalliy messenjerga to‘liq o‘tadi. Mudofaa vazirining raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari Darxon Axmediyev bu qarorni shunday izohladi:
Milliy IT-mahsulotlardan foydalanish — raqamli makonda suverenitetni saqlashga qaratilgan umumjahon tendensiyasi. Aitu’ga o‘tish ma’lumotlarning sizib chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi va xizmat toifasiga kiruvchi axborotlarni tegishli darajada himoya qiladi.
Aitu — 2018-yilda ishga tushirilgan Qozog‘iston raqamli platformasi. U messenjer, ijtimoiy tarmoq va to‘lov xizmati funksiyalarini o‘zida mujassamlashtirgan. Xabarlar va qo‘ng‘iroqlar almashish, guruhlar va kanallar yaratish, mini-ilovalardan foydalanish, pul o‘tkazmalari amalga oshirish, xizmatlar va soliqlarni to‘lash, shuningdek, davlat xizmatlariga kirish xizmatlarini taqdim etadi.
Izoh (0)