Germaniya Isroilga yangi suvosti kemasini yetkazib berishini ma’lum qildi. Qaror Berlinning yahudiy davlatiga qurol eksportini qisman to‘xtatish e’lonidan bir necha kun o‘tib qabul qilinmoqda. Bu haqda Middle East Monitor xabar berdi.

“Thyssenkrupp” nemis kompaniyasi rahbariyati bu reja haqida 8-avgust kuni bo‘lib o‘tgan aksiyadorlarning navbatdan tashqari yig‘ilishida ma’lum qilgan. Biroq eksport litsenziyasining qachon berilgani noma’lum.
Germaniya Iqtisodiyot vazirligi bu masalada izoh berishdan bosh tortmoqda. Vazirlik vakili Daniyel Greve qurol eksportiga ruxsat har bir holat bo‘yicha alohida, tashqi siyosat va xavfsizlik omillari sinchiklab ko‘rib chiqilgach berilishini ta’kidlagan.
Mazkur suvosti kemasini xarid qilish shartnomasi dastlab 2012-yilda imzolangan edi. Federal xavfsizlik kengashi 2023-yil dekabrida texnikani yetkazib berishga ruxsat bergan, biroq hozirda Federal iqtisodiyot va eksport nazorati idorasining qo‘shimcha litsenziyasi kutilayotgan edi. Endi kompaniya rahbariyati yetkazib berish jadvalga muvofiq amalga oshishini va ruxsatnoma olinganini bildirmoqda.
O‘tgan hafta “INS Drakon” nomli kema Boltiq dengizidagi Ryugen oroli yaqinida sinov tariqasida suzayotgan edi. U endilikda Isroilga yetkazib berilayotgan oltinchi “Delfin” turidagi suvosti kemasi bo‘lib, qiymati qariyb 500 million yevro (585,8 million dollar)ni tashkil etadi. Germaniya bu xarid uchun 135 million yevro miqdorida moliyaviy hissa qo‘shgan.
Shu bilan birga, ushbu bitim Isroilda “suvosti kemasi ishi” nomi bilan tanilgan sud tergovi markazida turibdi. Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu ham ushbu savdo bo‘yicha politsiyaga guvohlik bergan. Germaniyaning “Norddeutscher Rundfunk” telekanalining so‘nggi surishtiruvida Netanyaxuga yaqin shaxslar va “Thyssenkrupp” o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuvi ehtimoli haqida xabar berilgan.
Izoh (0)