Janubiy Koreyaning qamoqda saqlanayotgan sobiq prezidenti Yun Sok Yolning rafiqasi Kim Gon Xi 12-avgust kuni aksiyalar narxini sun’iy oshirish va pora olish kabi bir qator ayblovlar bilan hibsga olindi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Seul sudida 4 soat davom etgan tinglovda sobiq birinchi xonim barcha ayblovlarni rad etgan. Biroq sud unga nisbatan dalillarni yo‘q qilish xavfi mavjudligini bildirgan holda qamoqqa olish orderini chiqargan.
Janubiy Koreyada sobiq prezidentlarning hibsga olinishi yoki sud qilinishi uchrab turadigan holat sanaladi. Ammo mamlakat tarixida ilk bor sobiq prezident ham, uning turmush o‘rtog‘i ham bir vaqtda qamoqda saqlanmoqda. Sobiq prezident 2024-yil yanvar oyida mamlakatda harbiy holat e’lon qilishi ortidan hibsga olingan edi.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 52 yoshli Kim Gon Xi BMW’ning Janubiy Koreyadagi rasmiy dileri “Deutsch Motors” aksiyalari narxini manipulyatsiya qilishda qatnashib, 800 million von (taxminan 578 ming AQSH dollari) daromad olgan. Bu hodisalar turmush o‘rtog‘ining prezident bo‘lishidan oldin yuz bergani aytilsa-da, Yolning butun prezidentlik davrida shubha uyg‘otib kelgan.
Shuningdek, Gon Xi cherkovdan biznes imtiyozlari evaziga 2 ta Chanel sumkasi va olmos marjonni pora sifatida qabul qilganlikda gumon qilinmoqda. Bundan tashqari, u 2022-yilgi qo‘shimcha parlament saylovlari hamda 2024-yilgi umumiy saylovlarda nomzodlar tanloviga aralashganlikda ham ayblanmoqda. Sud tingloviga qora kostyum va qora yubkada kelgan Kim Gon Xi jurnalistlarga shunday dedi:
“Hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagan inson bo‘lsam-da, muammo keltirib chiqarganim uchun chin dildan uzr so‘rayman”.
Yun Sok Yol o‘zining prezidentlik davrida parlamentdagi muxolifat tashabbusi bilan 3 marta uning rafiqasiga qarshi maxsus tergov o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun loyihalarini veto qilgan edi. So‘nggi veto 2024-yil noyabr oyida harbiy holat e’lon qilinishidan bir hafta oldin kiritilgan. 2025-yil iyun oyida Yunning siyosiy raqibi Li Je Myong Janubiy Koreya prezidenti bo‘lgach, Kim Gon Xi va sobiq prezidentning ishini o‘rganish uchun maxsus prokuror tayinlangan.
Izoh (0)