Yildan-yilga ommalashib borayotgan turk loyihalari orasida faqat bir marta ko‘rishga arzigulik serial va filmlar ham uchraydi, ammo ba’zilarini qayta-qayta ko‘rgingiz keladi.
“Qalbingdan so‘ra” (2010)

- Bosh rollarda: Tuba Buyukustun, Jahit Eje, Hoqon Eratik va boshqalar.
Film bir-biriga mos tushadigan ikki insonning ta’sirli va g‘amgin muhabbat qissasini hikoya qiladi. Muloyim Esma va ehtirosli Mustafo bir-biriga oshiq. Ular hayotlarini bir-birisiz tasavvur qila olmaydi. Biroq ulardan biri o‘zining haqiqiy e’tiqodini yashirmoqda. Shu paytda nasroniylar yashirinishga, marhumlarini musulmon qabristonlariga dafn etishga va soliqlar to‘lashga majbur bo‘lmoqda. Usmonli imperiyasi bir qator islohotlarni joriy etdi, ular tufayli nasroniylar musulmonlar bilan teng huquqlarga ega bo‘ldilar, cherkov esa o‘z izdoshlarini yashirinishni to‘xtatishga da’vat etmoqda. Ammo jamiyat bunga hali tayyor emas: dinlar o‘rtasidagi kurash davom etmoqda va bu oshiqlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
“Yo‘qotilganlar” (2013-2014)

- Bosh rollarda: Mete Xorozog‘lu, Asli Enver, Kaan Tashaner va boshqalar.
Badavlat va e’tiborli O‘zdemir oilasi ziyofat uyushtiradi. Yuqori tabaqadagi mehmonlar bilan suhbatlashib o‘tirganlarida, uyga politsiya kiyimidagi odamlar kirib, o‘g‘illari Keremni o‘g‘irlab ketganini sezmay qolishadi. Keyinchalik ma’lum bo‘ladiki, bu “politsiyachilar” aslida niqoblangan jinoyatchilar ekan. Yigitning otasi Kemal farzandini qutqarish uchun hamma narsaga tayyor: tanish-bilishlarini ishga soladi, barcha mol-mulkidan voz kechishga rozi - biroq barchasi bekor, qidiruv ishlari natijasiz qoladi. Shunda u hozirda jinoyatlarni xususiy tarzda tekshirayotgan sobiq politsiyachi Mehmet Kantarjiga murojaat qiladi. Ammo o‘g‘rilarning asosiy maqsadi faqatgina boylik orttirish emas.
“Kichkina kelin” (2013-2015)

- Bosh rollarda: Go‘zde Mukavelat, Ufuk Shen, Orxan Shimshek va boshqalar.
Voqealar ikki oila - boy va nufuzli Kerman xonadoni hamda ularga xizmat qiluvchi kambag‘al er-xotin Karalar atrofida kechadi. Ferman Qara Kermanlarning qiziga oshiq bo‘lib, unga uylanmoqchi bo‘ladi. Qiz ham uni sevadi, biroq badavlat oila bunga qarshi: qizlariga teng juft topish kerak. Shunda oshiqlar qochib ketishga ahd qilishadi, ammo ularni tez orada quvib yetishadi va endi ularga o‘lim xavfi tahdid solmoqda. Shunda Zahroning otasi (Fermanning singlisi) uni haqoratlangan Kerman oilasining o‘g‘liga uzatishga qaror qiladi. Shunday qilib 13 yoshli qizaloq nogironlar aravachasidagi yigitning xotini bo‘lib, uning shafqatsiz oilasiga kelinlik qiladi. Ammo bu sinov yagona emasdi: Zahroning onasi o‘limi oldidan uning o‘gay onasi ekanligini aytadi. Shu payt shaharga yangi tug‘ilgan qizini o‘ldi deb o‘ylagan Melek ismli ayol qaytib keladi.
“Otam va o‘g‘lim” (2005)

- Bosh rollarda: Chetin Tekindor, Fikret Kuskan, Ege Tanman va boshqalar.
Ancha ilgari Husayn afandi o‘g‘lini qishloqdan shaharga jo‘natadi. U yerda Sodiq oilaviy xo‘jalikda otasining o‘rnini egallash uchun qishloq xo‘jaligi muhandisligini o‘rganishi lozim edi. Biroq yigit jurnalistika va siyosiy harakatlarga berilib ketib, otasining g‘azabiga duchor bo‘ladi. Sodiq shaxsiy hayotini tartibga soladi: uylanadi, farzand kutishadi. Ammo chaqaloq tug‘iladigan kuni Turkiyada harbiy to‘ntarish sodir bo‘ladi, barcha xizmatlar to‘xtab qoladi, hech kim ayolni kasalxonaga yetkaza olmaydi. U ko‘chada farzandini dunyoga keltirib, vafot etadi. Sodiq o‘g‘li Denizni o‘zi tarbiyalaydi. Siyosiy qarashlari tufayli qamoqxonaga tushib, u yerdan og‘ir xasta bo‘lib chiqadi. Endi u o‘g‘lini tarbiyalashi uchun ota-onasiga topshirmoqchi. Sodiq o‘z xo‘jaligiga qaytgach, o‘g‘li haqi-hurmati uchun otasi bilan munosabatlarni tiklashga uzoq vaqt urinadi. O‘zi ota bo‘lgach, ilgari chidab bo‘lmas tuyulgan otasining xatti-harakatlarini tushuna boshlaydi.
“Bebaho vaqt” (2010-2013)

- Bosh rollarda: Aycha Bingo‘l, Yildiz Chag‘ri Atiksoy, Aras Bulut Iynimli va boshqalar.
Serial voqealari Akarsu oilasi atrofida kechadi. Oila boshlig‘i Ali dengizchi, kema kapitani. Uning xotini Jamila va to‘rt farzandi bor: huquqshunoslik fakulteti talabasi Berrin, o‘rta maktab o‘quvchilari Aylin va Mete hamda kichkintoy Usmon. Bundan tashqari, Alining oilasini barbod qilgan ma’shuqasi Kerolayn ham bor. U Akarsuning uyiga bostirib kelganda, Jamila uni pichoq bilan jarohatlaydi. Kerolayn omon qoladi va Aliga shart qo‘yadi: agar u xotini bilan ajrashib, unga uylansa, politsiyaga bergan arizasini qaytarib olishini aytadi. Shunday qilib, har bir qahramon murakkab tanlov, shantaj va xiyonatlar girdobiga tushib qoladi, aqlbovar qilmas sinovlarga duch keladi.
“Hayot azoblari” (2005-2007)

- Bosh rollarda: Kenan Imirzaliog‘lu, Selin Demiratar, O‘g‘uz Galeli va boshqalar.
Mehmet va Nermin Istanbulning chekkasida yashab, turmush qurib yaxshi uyga ega bo‘lish uchun jon-jahdi bilan ishlashadi. Ammo hech qanday mehnat ularni qashshoqlikdan qutulish orzusiga yaqinlashtirmaydi. Bir kuni chiroyli va badavlat Ender Nerminni ko‘rib, unga oshiq bo‘lib qoladi. U Enderga turmushga chiqib, sevgilisini o‘tmishda qoldirib, farovon hayot kechira boshlaydi. Mehmet esa hamon uni sevadi va xiyonat uchun boy raqibidan hamda Nerminning hozirgi eridan o‘ch olishni orzu qiladi. Buning uchun u tezda boylik orttirish va sevgilisining mehrini qaytarish maqsadida jinoiy reja tuzadi.
Izoh (0)