Xitoyning yirik shaharlarida yangi g‘ayrioddiy odat ommalashmoqda: ishsizlar ma’lum miqdorda to‘lov qilib, ofislarda vaqt o‘tkazadi va o‘zlarini ish bilan banddek tutmoqda, deb yozadi BBC nashri.

Bunday soxta ish o‘rinlari xitoyliklarga odamlar ko‘z oldida band insondek tasavvur uyg‘otish, ijtimoiy bosimdan qochish va kundalik tartibni saqlashga yordam bermoqda. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ishsizlik darajasi 14 foizdan oshgan sharoitida bunday usul ko‘plab aholiga qo‘l kelmoqda.
Masalan, 30 yoshli Shui Chjou 2024-yilda muvaffaqiyatsizlikka uchragan oziq-ovqat biznesidan so‘ng, joriy yil aprel oyida Dongguan (Gonkongdan 114 km shimolda) shahridagi Pretend To Work Company (“O‘zini banddek ko‘rsatish kompaniyasi”) xizmatidan foydalanishni boshlagan. U har kuni 30 yuan (4,20 dollar) to‘lab, shu yerga keladi va besh nafar “hamkasb”i bilan birgalikda ishlayotgandek bo‘ladi.

Bunday ofislar ish stoli, Wi-Fi, qahva, tushlik va hatto majlis xonalariga ega. Ba’zi joylarda esa ish muhitini yanada haqiqiy ko‘rsatish uchun soxta topshiriqlar beriladi, “rahbar” tekshiruvlari o‘tkaziladi, hatto qo‘shimcha to‘lov evaziga seriallardagi kabi ofis mojarolari uyushtiriladi.
Xitoy Milliy statistika byurosi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil mart oyida 16–24 yoshdagi yoshlarda ishsizlik 16,5 foiz, 25–29 yoshdagilarda esa 7,2 foiz bo‘lgan. Shu sababli ko‘pchilik “band kabi ko‘rinish” yo‘lini tanlamoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda, xususan Xiaohongshu ijtimoiy tarmog‘ida bu haqda ko‘plab reklama va videolar tarqalgan. “Ishlayotgandek ko‘rinaman” kabi xeshteglar ostida esa minglab postlar joylangan.

Bunday “soxta ish” ofislari hozirda Shenchjen, Shanxay, Nankin, Uxan, Chendu va Kunmin kabi yirik shaharlarda ham paydo bo‘lmoqda. Ishtirokchilar bu yerda shunchaki o‘tirib qolmay, kompyuterlarda ish qidirish yoki startap loyihalarini boshlashga vaqt sarflashi mumkin.
Soxta ofislarga qatnaydiganlar maqsadi oddiy: ular ruhiy bosimni kamaytirish, kun tartibiga amal qilish va odamlar oldida obro‘sini yo‘qotmaslikni istaydi. Bundan tashqari, bunday joylarda vaqt o‘tkazish kafelarga qaraganda arzonroq tushadi va haqiqiy ish joyiga o‘xshash muhitni beradi.
Bunday ofislarda vaqt o‘tkazadigan insonlarning aytishicha, hatto ish bo‘lmasa ham, ofis muhiti ularga motivatsiya beradi va yangi ish izlashni davom ettirishga undaydi. Frilanserlar ham diqqatni jamlash uchun bu imkoniyatdan foydalanadi.
Izoh (0)