“Daryo”da “Hushimdan ketdim, hatto tez yordam chaqirmagan” — Qarshida IIB xodimi homilador ayolni kaltaklagan bo‘lishi mumkin, deb nomlangan maqola eʼlon qilingandi. Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning “Daryo”ga bildirishicha, voqea prokuratura tomonidan o‘rganilmoqda.

“Qashqadaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining 2025-yil 10-iyuldagi qarori Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan ijro uchun qabul qilingan. Tekshirish natijalari haqida qo‘shimcha xabar qilinadi”, deydi Hayot Shamsutdinov.

Qashqadaryolik Marhabo Boymurodova tahririyatga murojaat qilar ekan, Qarshi shahrida IIB xodimlari va mulozimi uning homilador holiga qaramay qo‘l ko‘targani, tepgani va bo‘g‘ib, zo‘ravonlik qilganini aytgandi.
2025-yilning 13-iyun kuni bir ayol bilan o‘zaro muhokamamiz bor edi. O‘sha bo‘yicha meni nohaq, hech qanaqa faktlarsiz, yasama, soxta faktlar bilan ichki ishlar bo‘limiga olib borishdi va u yerda o‘sha Farrux Ibragimov — ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, meni sudrab urdi. Har xil gaplar bilan haqorat qildi. Shunchalik baqirib haqorat qildiki, uning ovozi ko‘chaning narigi yog‘iga eshitildi, ichki ishlar bo‘limini tutib ketdi. Men bu bo‘yicha 1102 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, murojaat qoldirdim. Xizmat tekshiruvi o‘tkazishlarini so‘radim, talab qildim, lekin natija yo‘q, degandi u.
Ayolning bildirishicha, voqea 2025-yilning 13-iyun kuni Qarshi shahar IIBga tegishli binolarda sodir bo‘lgan.
O‘zbekistonda Ichki ishlar xodimlarining kimnidir so‘kkanini, urganini, hatto tepgani-yu, o‘ldirib qo‘yganini eshitganmiz. Yaxshi bilamiz. Ammo IIB xodimlarining homilador ayolga qo‘l ko‘targani yoki uning ketiga tepgani bilan bog‘liq holatga duch kelmaganmiz.
“Daryo” voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.
Izoh (0)